Nomzodlar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovga puxta hozirlik ko‘rmoqda. Partiya tashkilotlari parlament va mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning amaliy ko‘nikmalarini boyitishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada nomzodlar uchun tashkil etilayotgan siyosiy o‘quvlar, jonli uchrashuvlar muhim o‘rin tutadi.
Yaqinda Andijon va Namangan viloyatlarida O‘zbekiston “Adolat” SDPdan xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar ishtirokida ana shunday o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar davomida ma’ruzachilar tomonidan partiya dasturida ilgari surilayotgan asosiy g‘oyalar, nomzod o‘z saylovoldi dasturini tayyorlashda e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan muhim omillar, shuningdek, targ‘ibot vositalaridan foydalanish usullari va shartlari haqida ko‘nikmalar berildi.
Qayd etilganidek, fuqarolarning siyosiy, huquqiy ongi va qarashlari hamda faolligi yuksalib bormoqda. Shuning barobarida saylovlarga qiziqish, saylovda ishtirok etish orqali ertangi kunga daxldorlikni namoyon etish hissi tobora yuksalib borayotir. Bu esa saylov jarayonlarini qonunchilikka mos tarzda uyushqoqlik bilan tashkil etish, saylov komissiyasi a’zolari hamda saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining bilimi va ko‘nikmasi yuqori darajada bo‘lishini hamda ushbu muhim siyosiy jarayonga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishni taqozo etadi.
Shu o‘rinda jarayonning asosiy ishtirokchilari bo‘lgan deputatlikka nomzodlar masalasi eng dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Chunki nomzodning saylovda ishtiroki va yetarli ovoz olishi partiyaning siyosiy maydondagi o‘rnini o‘zida ifoda etadi. Shunday ekan, ularning siyosiy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, saylovoldi tayyorgarlik jarayonlaridagi munosib ishtirokini ta’minlash hal qiluvchi o‘rin tutadi. Bu borada seminarlarda nomzodlarga zarur bilim va tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA