Nomoddiy madaniy meros davlat muhofazasida
Qaror va ijro
Mamlakatimizda nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilish hamda milliy qadriyatlarimizni keng namoyon etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham qayd etildi.
Xususan, Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham nomoddiy madaniy merosni doimiy ravishda o‘rganishni yo‘lga qo‘yish maqsadida respublika va xalqaro miqyosda etnofolklor ekspeditsiyalari tashkil qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, fundamental va maqsadli grantlar ajratilishini ta’minlash belgilangan.

Toshkent viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman-shaharlarda o‘rganishlar natijasida 85 nafar nomoddiy madaniy meros saqlovchi va hunarmandlar aniqlandi. Joriy yilning iyun oyida Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan joylarda nomoddiy madaniy merosni ilmiy o‘rganish bo‘yicha mahalliy ekspeditsiya tashkil etildi.
Yuqori Chirchiq tumanida ham milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimizni targ‘ib qilishga harakat qilayotgan hunarmandlar ko‘plab topiladi. Ulardan biri Jasur Xolmuhammedov oilasi bo‘lib, ko‘p yillardan buyon kashtachilik yo‘nalishda ish olib bormoqda. Joriy yil may oyida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” nomli ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida faol ishtirok etgan bu oila vakillarining sa’y-harakatlari hakamlar tomonidan yuqori baholandi. Ularga yurtimiz tarixida ilk bor ta’sis etilgan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni topshirildi.

– Shu paytgacha badiiy kashtachilikda tayyorlagan mahsulotlarimizga nafaqat viloyatimizda, balki xorij davlatlarida ham qiziqish katta bo‘lmoqda, – deydi oilaviy tadbirkor J.Xolmuhammedov. – Hozirgacha ko‘plab xalqaro ko‘rgazmalarda viloyatimiz hunarmandlari nomidan qatnashib, milliy mahsulotlarimizni ommalashtirishga hissa qo‘shib kelmoqdamiz. Muhimi, bu ishlarimiz viloyat va tuman hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Badiiy kashtachilik bilan shug‘ullanishni istayotgan va bu orqali yaxshi daromad topishni reja qilgan xotin-qizlar juda ko‘p. Shuni e’tiborga olib, ularni ham faoliyatimizga keng jalb qilishni rejalashtirdik.
Bundan tashqari, Parkent tumani So‘qoq qishlog‘ida yashovchi temirchi usta Pazliddin ota Jo‘rayevni hududda barcha yaxshi taniydi. Otaxon oilaviy hunarni davom ettirayotgan beshinchi avlod vakili bo‘lib, 50 yildan buyon temirchilik bilan shug‘ullanadi. Hozirda uch nafar o‘g‘li bilan yasayotgan xo‘jalik mahsulotlari ichki bozorda xaridorgirdir.

Usta bog‘bon Xolto‘ra Tojiboyev esa uzumchilikda ko‘p yillik tajribaga ega. Oila o‘z tokzorlaridagi uzum navlarini har 20 yilda almashtirib, yangilab turadi. Balki shundan bo‘lsa kerak, mavsumda uzum hosili mo‘l bo‘ladi.
Olmaliq shahar Madaniyat bo‘limidagi “Navbahor” xalq folklor jamoasi tomonidan xalq orasida saqlanib qolingan turli bayramlarda namoyish qilinayotgan udumlar to‘g‘risida hujjatli film suratga olindi.
Viloyatda nomoddiy madaniy merosga oid manzillar, xalq orasidagi udumlar bilan bog‘liq an’analar ko‘plab topilishi mumkin. Ularni asrash, kelajak avlodga sayqallangan tarzda yetkazish har birimizning fuqarolik burchimiz bo‘lmog‘i lozim.
A.Musayev, O‘zA.