Nomlar xalq ruhiyatini ifodalasin
Luqma
Shanba dam olish kuni bo‘lgani bois hovlidagi yumushlar bilan mashg‘ul edim. Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Ostonada ancha vaqtdan beri ko‘rishmagan do‘stim kulumsirab turardi.
– Ey, og‘ayni, bormisan, qani, ichkariga marhamat.
– Yo‘q, do‘stim. Boshqa vaqt, bafurja kelaman. To‘y boshlab qo‘ydim. Birga bo‘lasan.
– Muborak bo‘lsin. Albatta, boramiz.
U qo‘limga taklifnomani tutqazdi-yu, shoshgancha yo‘lga tushdi. Taklifnomaga ko‘z yugurtirdim. Qizini turmushga chiqarayotgan ekan. Nahorda osh... To‘yxonada. Yaxshida, qishin-yozin qanday tadbir bo‘lsa, to‘yxonada bemalol o‘tkazaverasan. Ham qulay, ham barcha sharoit muhayyo. Ammo, to‘yxona manzilini o‘qidimu “Yopiray!” deganimni o‘zim ham sezmay qoldim – “mister-x”.
Qiziq, cho‘ntagiga uch-to‘rt so‘m pul tushib o‘zini “tadbirkor” hisoblagan ayrim yurtdoshlar to‘yxona ochishga ishqiboz. Bugungi kunda to‘yxonalarning son-sanog‘i yo‘q. Albatta, bu ham kerak. Hali aytganimdek, qaysi faslda qanday tadbir qilmang, mezbonga ham, mehmonga ham juda qulay. Lekin... To‘yxonalarga qo‘yilayotgan nomlarni o‘qib aqling shoshadi.
Shahrimizdagi to‘yxonalar, kafe-barlarning nomlari aksariyati ajnabiy: “Kovboy”, “Jokey”, “999”, “V&L”, “Mustang”, “Shayx”, “Magian N” va hokazo... Bunday topqirlarga nima deyishga ham hayronsan. Elimizga mutlaqo tushunarsiz bu kabi nomlarni qo‘yishdan maqsad nima ekan, deb o‘ylab qolasan.
Millatimizga xos va mos nomlarni tanlashsa bo‘lmasmikan? Yoki o‘zimizning nom, atamalar eskilik bo‘lib tuyuladimi? Ehtimol, kishi bilmas almoyi-aljoyi nomlar kimlargadir hashamatli ko‘rinar, xush yoqar. Nima bo‘lganda ham biz shon-shavkati, oriyati, g‘ururi, ota-bobolarning udum-an’analarini yuksak qadrlagan xalqning farzandlari ekanligimizni unutib qo‘ymaylik.
Qolaversa, kim qanday nomni lozim ko‘rsa, ro‘yxatdan o‘tkazaverishi mumkin degan qoida to‘g‘rimikan? Joylarga berilayotgan nomlarni tasdiqlovchi, nazorat qiluvchi mutasaddilar o‘z vazifalariga shu qadar e’tiborsizlik bilan yondashayotganlarini nahotki anglab yetishmasa?
Afsuski, shahrimizdagi ko‘chalar, binolar, turar joy majmualari, savdo markazlari, istirohat bog‘lari va boshqa ob’ektlarni xorijiy atamalar bilan nomlash odatga aylanib bormoqda.

Ammo, ayrim oshxonalar nomlarini eshitib, ko‘nglim o‘sdi. Masalan, “Rayhon”, “Yalpiz”, “Anjir”, “Fayz”, “Qanotcha”, “Oq tulpor”, “Billur“ va yana shu kabi nomlarni ko‘rib, bo‘lar ekan-ku, dedim. Har holda milliylik sari qadamlar tashlanyapti.
Prezidentimiz bugun o‘zbek tilining maqomini mustahkamlashga yuksak e’tibor qaratib, aniq vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimizning ajralmas qoidasiga aylantirishimiz lozim”, deya alohida ta’kidladi. Bunga javoban tilga va millatga bo‘lgan e’tiborni yurakdan his qilmoq har birimizning yuksak burchimiz bo‘lmog‘i lozim.

Kuni kecha Toshkent viloyatining so‘lim go‘shalari tomon yo‘lga otlandim. Yangi Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan ko‘zim quvnadi. Ko‘p xonadonli turar joy binolari, turli ko‘ngilochar maskanlar, so‘lim dam olish maydonlari, keng va ravon ko‘chalar, bolalar o‘yingohlari ruhiyatimga ko‘tarinkilik olib kirdi. Shu onda yangi manzillarning nomlanishi haqida o‘yladim va bunda milliy g‘ururimiz, shahar va qishloqlarimizning me’moriy qiyofasini o‘zida namoyon etadigan, o‘zgacha jozibador bo‘lishini istadim.
Asror Sulaymonov,
O‘zA