Nogironlik pensiyasini tayinlash tartibi soddalashtiriladi
Senat yalpi majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga pensiya tayinlash tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov mamlakatimizda pensiya tayinlash tartibini soddalashtirish, sohani raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Pensiya ta’minoti tizimida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qonundan ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya sohasidagi huquq va manfaatlari himoyasini yanada mustahkamlash maqsadi nazarda tutilgan.
Qonun bilan fuqaroga I yoki II guruh nogironligi belgilanishi munosabati bilan nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash hamda pensiya tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lsa, ushbu pensiya turini har ikki yilda bir marotaba fuqaroning murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda qayta hisoblab chiqish tartibi joriy etilmoqda.

Pensiyadan chegirma qilinganidan so‘ng fuqaroga to‘lanadigan pensiya miqdori eng kam iste’mol xarajatlari miqdoridan kam bo‘lmasligi belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun fuqarolarga nogironlik pensiyasini tayinlash tartibini soddalashtirish va ularga ushbu sohada ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA