Nogironligi bo‘lgan shaxslar XDP e’tiborida
O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat kengashi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish inklyuziv markazi viloyat bo‘limi, viloyat yoshlar ishlari agentligi, viloyat sport boshqarmasi, Termiz shahar xotin-qizlar bo‘limi va bandlik markazi hamkorligida “Sizlar doimo e’tiborimizdasiz!” loyihasi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davra suhbati tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat kengashi yoshlar va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Feruza Boltayeva, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish inklyuziv markazi viloyat bo‘limi rahbari Nigina Muxtorova, Termiz shahar hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Gulnora Rahmonova hamda boshqalar mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylanganini alohida ta’kidladi. Keyingi yillarda ногиронлиги bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi tubdan takomillashtirilib, nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.


Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qaratilayotgan g‘amxo‘rliklar Surxondaryo viloyatida ham o‘z samaralarini bermoqda. Jumladan, o‘tgan yil ishsiz nogironligi bo‘lgan 4 ming 100 nafar shaxs ishga joylashtirildi. 2 ming 600 nafari parasportga jalb etildi. 1 ming 385 ta protez ortopediya moslamasi, 5 ming 445 ta reabilitatsiya texnik vositalari, 395 ta elektron yuritmali nogironlar aravachasi bilan ta’minlandi. Zamonaviy reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor tufayli 4 ming 391 fuqaroning jismoniy harakatlanishi barqarorlashib, 983 nafarining kasb faoliyatini davom ettirishiga yengillik yaratildi. O‘tgan yil reabilitatsiya markazlarida davolangan 3 ming 82 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning 577 nafarida nogironlik guruhi yengillashtirildi, 286 nafarining nogironligi to‘liq sog‘lomlashtirildi.


Davra suhbatida nogironligi bo‘lgan shaxslarning fikr-mulohazalari tinglandi. Ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Faol ishtirokchilar XDP viloyat kengashining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri