Nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘qitildi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 2023 yilda “Nogironligi bo‘lgan yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida kasb-hunarga o‘rgatish va sport to‘garaklarini tashkil qilish” mavzusida e’lon qilgan 3-ochiq grant tanlovida O‘zbekiston nogironlar jamiyati Buxoro tumani hududiy bo‘linmasi 60 million so‘m grant mablag‘ini qo‘lga kiritdi.
–Grant loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar amalga oshirildi, – deydi O‘zbekiston nogironlar jamiyati Buxoro tumani hududiy bo‘linmasi rahbari Hamid G‘aniyev. –Jumladan, tumanda yashovchi hunarmand nogironlardan 30 nafari monomarkazlarda o‘qitilib, ularga sertifikatlar berildi. Zargarlik, to‘quvchilik, tikuvchilik, sartaroshlik, pishiriqchilik, nonvoylik, poyafzal ta’mirlovchi, avtoservis yo‘nalishi bo‘yicha hunarmand nogironlar o‘z faoliyatini kengaytirdi. Oilaviy daromadlarini yanada oshirish imkoniyati tug‘ildi. Ular tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlarini aholiga sotish maqsadida ko‘rgazma savdo paviloni tashkil qilindi.
Grant mablag‘lari hisobiga mazkur loyiha doirasidagi ishlar davom ettiriladi. Xususan, monomarkazda o‘qigan hunarmand nogironlarni uy sharoitida doimiy ish bilan ta’minlash maqsadida ular asbob-uskuna bilan ta’minlanadi. Shuningdek, sportchi nogironlar uchun shaxmat-shashka, tennis va aremrestling sport turlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri