Nogironligi bo‘lgan shaxslar doimo e’tiborda
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limi Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan viloyatdagi nogironligi bo‘lgan 60 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari va kiyim-kechak sovg‘a qildi.
Fond mas’ullari nogironligi bo‘lgan shaxslarning xonadonlariga borib, ularning yashash sharoitlarini ko‘zdan kechirdi, muammo va dardlarini eshitdi.

– Aslida havas qiladigan narsa emas, lekin ko‘zim ojizligi hamda harakatlanishim qiyinligi sababli nogironlik aravachasiga ehtiyoj tug‘ilgandi, – deydi Samarqand shahar Humo mahallasida yashovchi 66 yoshli A’lam Eshonqulov. – Davlatimizning bu e’tiboridan xursand bo‘ldim.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand shahar bo‘linmasi qoshida tashkil qilingan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan kattalar va bolalar uchun nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, yurish moslamasi xarid qilish uchun 127,4 million so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.


Bunday xayriya tadbirlari fondning hududiy bo‘linmalari tomonidan viloyatning barcha shahar va tumanlarida amalga oshirilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri