Nogironligi bo‘lgan fuqarolar doimo e’tiborda
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida nishonlanayapti.
Joylarda tashkil etilgan tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aqlan va jismonan nuqsoni bo‘lgan, harakati cheklagan fuqarolar holidan xabar olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir.
– Jamiyatimizda fuqarolar dini, e’tiqodi, sog‘lig‘i, ijtimoiy ahvoli va jinsidan qat’iy nazar teng huquqlidir, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Mavlonova. – Salomatligida muammo yoki nuqsoni bor kishilar, asosan nogiron yoshlar mehr-muruvvat, e’tiborga muhtoj. Ularni muntazam ravishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham konstitutsion, ham insoniylik burchimizdir.
Imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni ish bilan ta’minlash maqsadida joriy yilda Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligining “vacancy.argos.uz” portali orqali 108 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro tashkilot va idoralar hamda tuman (shahar) hokimliklarida bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, joriy yilda O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati Jizzax viloyati bo‘limiga qarashli bo‘sh turgan binoning 2-qavatida “Mono-Electric” korxonasi bilan hamkorlikda elektrotexnika mahsulotlarini yig‘ish yo‘lga qo‘yilib, 50 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs band etildi. Kelgusida qo‘shimcha yana 200 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Nafaqat Xalqaro nogironlar kuni, balki doimiy ravishda viloyatimizning barcha shahar va tumanlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari nogironligi bo‘lgan fuqarolarimizning holidan xabar olib, ularni har tomonlama qo‘llab- quvvatlab turishadi.
Mirzacho‘l tuman hokimligi va tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar маркази xodimlari ham mahallalarda istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar oldi. Ular yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarish va e’tibordan xursandligini bildirdi. Suhbat davomida muammo va kamchiliklar ham o‘rganildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri