Nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun repetitsion test sinovlari tashkil etilmoqda
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ayrim nogironligi bo‘lgan abituriyentlarning past ball to‘plashi asosan ikki omil bilan bog‘liq.
Birinchidan, bilim darajasining yetarli emasligi bo‘lsa, ikkinchidan, imtihon tartib-qoidalarini bilmaslik hamda test formatida ishlash ko‘nikmasining yetarlicha shakllanmaganligidir.
Ayrim holatlarda aynan test tizimiga moslasha olmaslik asosiy omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu boisdan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi maxsus maktablar bitiruvchilari uchun diagnostik (repetitsion) test sinovlari real imtihon sharoitiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan holda tashkil etilmoqda.
Bu esa yoshlarga imtihon jarayonini oldindan his qilish, tartib-qoidalarni amalda sinab ko‘rish imkonini yaratadi.
Repetitsion test sinovlari orqali o‘quvchilarning bilim va tayyorgarlik darajasi baholanadi, imtihon muhiti, tartibi va texnik jarayonlarga moslashish imkoniyati yaratiladi, test formatida ishlash ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Shuningdek, psixologik barqarorlik va o‘ziga ishonch mustahkamlanadi.
Bu kabi tashabbuslar nogironligi bo‘lgan abituriyentlarning oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, ular uchun teng shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA