Nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat etiladimi?
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritilishi hamda maktabgacha ta’lim tizimida o‘yinga asoslangan ta’lim yo‘nalishi joriy etilishi belgilab qo‘yildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ishtirokidagi brifingda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan "Yangi avlod" maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i hamda uning tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etiladi.
Bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
2027-2028 o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi.
Maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi.
2026-2028 yillarda "Yangi avlod" maktabgacha ta’lim tashkilotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan tashkil etiladi hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat olib boradi.
Ushbu ta’lim tashkilotlarining ma’muriy-boshqaruv va pedagog xodimlar lavozimlariga oliy ma’lumotli, yuqori salohiyatli nomzodlar tanlov asosida qabul qilinadi hamda tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida davlat byudjetidan har oylik qo‘shimcha ustama beriladi.
2026-2027 o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlarni tayyorlash tizimi xalqaro ilg‘or tajriba asosida amalga oshiriladi.
Tegishli oliy ta’lim tashkilotlarida o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida to‘lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahrini mustasno qilgan holda maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lardagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun qator imtiyozlar joriy etilmoqda.
Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda ijara to‘lovlari 30 yil muddat davomida undirilmaydi, har bir bola uchun 9 soatlik ish rejimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida elektron davomat asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi amal qilish muddati davomida subsidiya beriladi.
Mazkur imtiyoz qamrov darajasi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)larda 2024 yildan boshlab tashkil etilayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lar ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi hamda ushbu ro‘yxat har moliyaviy yil uchun yangilab boriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA