Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar Ozarbayjonning "Shuhrat" ordeni bilan taqdirlandi
Prezident Ilhom Aliyev turk farzandi, Nobel mukofoti sovrindori professor doktor Aziz Sanjarni mamlakatning "Shuhrat" ordeni bilan taqdirladi. Ushbu mukofot olimga Ozarbayjon Respublikasi bilan xalqaro ilmiy va gumanitar hamkorlikni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari uchun berildi.
Jahon ilm-fanida munosib o‘rin egallagan Aziz Sanjar DNKning zararlangan qismlarini tiklash mexanizmini tadqiq etish borasidagi fundamental ishlari bilan tanilgan. 2015-yil amerikalik Pol Modrich va shvetsiyalik Tomas Lindal bilan birga kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. Mazkur nufuzli mukofot DNKni tiklash mexanizmini molekulyar darajada o‘rganishdagi fundamental tadqiqot uchun berilgan.
Aziz Sanjar 1946-yil 8-sentabr kuni Turkiyaning Mardin viloyati Savur shahrida tug‘ilgan. Istanbul universiteti Tibbiyot fakultetini 1969-yil tamomlagan. Shundan so‘ng bir muddat shifokor bo‘lib ishlagan va keyin ilmiy faoliyatni davom ettirish uchun AQSHga jo‘nab ketgan. Texas universitetining Dallasdagi tibbiyot maktabida molekulyar biologiya bo‘yicha tahsil olib, 1977-yil doktor darajasini olgan. Ilmiy faoliyatini ummon ortida davom ettirgan mutaxassis DNK reparatsiyasi, hujayra sikli va biologik soat mexanizmi bo‘yicha tadqiqot olib borgan. Uning ilmiy merosi butun dunyo uchun cheksiz g‘urur manbai sifatida e’tirof etiladi.
Aziz Sanjarning Ozarbayjon bilan aloqasi nafaqat ilm-fan, balki madaniy-gumanitar munosabatni ham qamrab olgan. U 2021-yil Bokuda muhim tadbirlarda ishtirok etgan. 2021-yil Shusha shahriga tashrif buyurib, tarixiy hududlarni ziyorat etishi mamlakatda alohida qiziqish bilan qabul qilingan. “Shuhrat” ordeni esa olimning 80 yoshlik yubileyi arafasida berilgani ahamiyatli.
Nodira Qayumova, O‘zA