NNTlar faolligini oshirish – davr talabi
Jondor tumanida Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashabbusi bilan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturining ijrosini ta’minlashda NNTlarning o‘rni mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonining mazmun-mohiyati targ‘ib qilindi. Taraqqiyot strategiyasi bunyodkor xalqimiz va keng jamoatlik tomonidan qizg‘in kutib olinganligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga muvofiq hayotga tatbiq etilayotgan mazkur strategiyada mamlakatimizda keyingi 5 yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan eng muhim vazifalar belgilab berilgan. Ushbu muhim hujjat yurtdoshlarimiz tomonidan bildirilgan ko‘plab taklif va fikr-mulohazalar bilan to‘ldirilganligi e’tiborga molik.

Davra suhbatida nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kuchaytirish, ajratilayotgan grant mablag‘larini ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, ekologiya, qurilish, kommunal xo‘jaligi sohalaridagi muammolarni hal etishga qaratilgan ijtimoiy buyurtmalarga yo‘naltirish, bu boradagi ishlar bundan keyin ham izchil olib borilishi qayd etildi.
Tadbirda Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik komissiyasining qaroriga asosan 2- va 3-grant tanlovlarining yo‘nalishlari hamda mavzulari tasdiqlanganligi ta’kidlandi. Komissiya qaroriga ko‘ra, “Mahallalarda aholi bilan olib boriladigan ishlarda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” mavzusida 2-tanlov hamda “Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish” mavzusida 3-tanlov e’lon qilinganligi aytib o‘tildi. Har bir loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori 60 million so‘mgacha belgilangan.

Tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tanlovlarda ishtirok etishdagi faolligini oshirish, joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalari hamda davlat granti ochiq tanlovlarida ishtirok etish talablari va loyihalarni taqdim qilish shartlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.
Tadbirda yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollarga tashkilotchilar tomonidan batafsil javob berildi.
Zarif Komilov, O‘zA