NNTlar faolligi ortmoqda
Andijon davlat pedagogika institutida “Demokratik islohotlar: fuqarolik jamiyatining mafkuraviy manzarasi va NNTlar transfor-matsiyasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan davra suhbatida viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, viloyatda faoliyat yuritayotgan NNT va fuqarolik jamiyati institutlarining demokratik islohotlar, ma’naviy-mafkuraviy jarayonlardagi ishtiroki, o‘rni va rolini kuchaytirishdan iborat, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Farhodbek Ataxonov. – Qolaversa, tadbir ishtirokchilarining mavzu doirasidagi bilim va tushunchalarini boyitish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga ham yordam beradi.

Davra suhbatida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga oid qator maqsad, vazifa va ko‘rsatkichlar, Davlat dasturlarida fuqarolik jamiyati institutlari va NNTlar faoliyatini yanada kuchaytirish bilan bog‘liq bandlar belgilangani alohida qayd etildi.

Tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy, ma’naviy va ma’rifiy maqsadlarga erishishda muhim rol o‘ynayotgani aytib o‘tildi. Jumladan, NNTlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligi qayd etildi.

Bugungi kunda davlat va jamiyat boshqaruvida “Inson qadri uchun” tamoyilining ustuvor etib belgilanishi fuqarolik jamiyati institutlari zimmasiga nafaqat ijtimoiy sheriklik, balki davlat hokimiyati faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vazifasini ham yuklamoqda. Bu o‘z navbatida, mamlakatning mafkuraviy manzarasini tubdan o‘zgartirib, fuqarolik jamiyati sub’ektlarining yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ishtirokchilar viloyatda mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan o‘zlarining taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi. Xususan, NNT va fuqarolik jamiyati institutlari davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanishlari, ijtimoiy faollik va tashabbus ko‘rsatishlari, ijtimoiy ahamiyatga ega loyiha va dasturlarni amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishlari zarurligi aytildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.