NKMKning “Oltin” ayollari aniqlandi
Yurtimizda xotin-qizlarning turmush sharoitini yaxshilash, maishiy hayotdagi muammolarini hal qilish, faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi hamkorligida faol, qobiliyatli xotin-qizlarni aniqlash, bo‘linmalarda faoliyat olib borayotgan turli kasb egalarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli, tashabbuskor soha vakillarini rag‘batlantirish maqsadida “NKMK Oltin ayoli” ko‘rik-tanlovi tashkil etilgan.
Bu tanlov tizim tashkilotlarida mehnat qilayotgan 12 ming nafardan ziyod xotin-qizlar orasidan ilg‘or, yetakchilarni aniqlash, ular salohiyatini namuna sifatida ko‘rsatish hamda taqdirlashga xizmat qiladi.
[gallery-10837]
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida ko‘rik-tanlovning final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar eng zukko va iste’dodli xotin-qizlar ishtirok etdi. Hakamlar hay’ati ishchirokchilarning “Qiziqarli ishxonam”, “Quvnoq shou startlar”, “Tezkor savol-javob”, “Modalar namoyishi” kabi shartlar bo‘yicha chiqishlarini Nizomda belgilangan talablar asosida baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJdan Markaziy kon boshqarmasi Tashqi suv ta’minoti Birlashgan energoxizmati kimyoviy tahlil laboranti Mive Pashbayeva, “Navoiyuran” davlat korxonasidan hujjatlar ijrosini nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati boshlig‘i Nargiza Kenjayeva, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasidan “Zarafshon” hududiy boshqarmasi kadrlar guruhi rahbari Nargizaxon Rahmonovalar g‘olib bo‘ldi va “NKMK Oltin ayoli” degan nomga sazovor bo‘lishdi.
G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA