NKMKda komplayens tizimi: korrupsiyaga qarshi murosasiz yondashuv va ochiqlik siyosati samara bermoqda
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Prezidentimizning 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkilot va korxonalarda komplayens nazorati tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Xo‘sh, bugungi kunda mazkur tizim qanday ishlamoqda? Tizimning samaradorligi nimalarda ko‘rinmoqda? Bu haqda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Komplayens xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Toshev quyidagilarni gapirib berdi:
– “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida ham 2021-yildan buyon bu tizim samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Komplayens xizmati zimmasiga korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda jamoada korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirish vazifalari yuklatilgan.

2026-yilning birinchi yarmida mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan 24 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, uning 9 bandi to‘liq ijro etildi. Shuningdek, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish bo‘yicha 9 bandli “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi ta’minlanmoqda.
Huquqiy ekspertiza tizimi ham sezilarli darajada kuchaytirildi. Hisobot davrida kombinat boshqaruviga kiritilgan 47 ta hujjat loyihasi hamda 20 ta fuqarolar qabuli bayonnomasi huquqiy va korrupsiyaviy ekspertizadan o‘tkazildi. Bundan tashqari, markaziy apparat va tarkibiy bo‘linmalar tomonidan tayyorlangan 3 629 ta ichki hujjat loyihasi tahlil qilinib, ularning 134 tasi amaldagi qonunchilik va ichki me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirildi.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirildi. 1 400 ta funksiya tahlil qilinib, ulardan 2 tasi yuqori, 34 tasi o‘rta va 1 364 tasi past darajadagi xavf sifatida baholandi. Aniqlangan xavflarni bartaraf etish maqsadida 29 banddan iborat alohida chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Korrupsiyaning oldini olishda huquqiy madaniyatni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda 2026-yilning olti oyi davomida 82-marta huquqiy targ‘ibot va profilaktika tadbirlari tashkil etilib, ularda 6 748 nafar xodim ishtirok etdi. Jumladan, 65 ta seminar, televideniye, radio, gazeta va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot ishlari olib borildi. Komplayens xizmati xodimlari esa 12-marta malaka oshirish kurslarida qatnashdi.
Korxonada ishga qabul qilish jarayonlarida ham shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Tanlov asosida ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan 1 344 nafar nomzod belgilangan tartibda tekshirildi. Ishga qabul qilingan 1 331 nafar xodimning mehnat shartnomalariga, shuningdek, kombinat tomonidan tuzilgan 6 332 ta xo‘jalik shartnomasiga korrupsiyaga qarshi maxsus shartlar kiritildi.
Komplayens xizmati tomonidan 32-marta xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, qonunbuzilish va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 37 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, o‘rganishlar natijasida 41 ta ichki buyruq amaldagi normativ talablarga muvofiqlashtirildi.
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda 5 787 nafar boshqaruv xodimidan deklaratsiyalar qabul qilinib, tahlil natijasida 13 ta mavjud va 54 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlandi. Ularni bartaraf etish yuzasidan Odob-axloq komissiyalari tomonidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shartnomaviy munosabatlarda ham komplayens nazorati kuchaytirildi. Hisobot davrida 742 ta kontragent tekshirildi, 4 ta kontragent hujjatlari sanksiyaviy nazoratdan o‘tkazildi. Shuningdek, Citibank, Deutsche Bank, J.P. Morgan, Raiffeisen Bank va Societe Generale kabi beshta yirik xalqaro bank tomonidan amalga oshirilgan xalqaro sanksiyaviy nazorat jarayonlarida kombinat faol ishtirok etdi.
Ochiqlik va jamoatchilik bilan muloqotni ta’minlash maqsadida Prezidentning 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini baholash uchun zarur bo‘lgan 29 turdagi ma’lumot va hisobotlar “E-Anticor.uz” elektron platformasiga o‘z vaqtida kiritildi.
2026-yilning ikkinchi yarmi uchun belgilangan vazifalar ham aniq. Ular qatorida ISO 37301:2021 xalqaro komplayens menejmenti standarti bo‘yicha sertifikat olish, korrupsiyaga qarshi siyosat va Odob-axloq kodeksini xodimlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ichki hujjatlarni muntazam korrupsiyaviy ekspertizadan o‘tkazish hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish kabi muhim vazifalar o‘rin olgan.
Bugungi kunda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”da komplayens tizimi faqat nazorat mexanizmi emas, balki korporativ boshqaruvning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bu esa korxonada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiya xavflarini minimallashtirish hamda xalqaro boshqaruv standartlarini amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA