NKMK: ishlab chiqarish ob’ektlari mavsumga shay
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Bosh energetigi o‘rinbosari Ikromjon Shukurullayev ishtirokida OAV vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Unda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish ob’ektlarini 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha olib borilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning may-sentyabr oylarida kombinatga qarashli barcha inshootlarning mavsumga tayyorgarlik darajasi, energetika va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining joriy holati to‘liq o‘rganib chiqildi. Bu borada chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va tarmoqlarni mavsumga to‘liq shay holatga keltirish, zaruriy materiallar zaxirasini yaratish uchun kombinat tomonidan 41,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Natijada o‘tgan davr mobaynida 213 kilometrlik elektr tarmoqlari, 140 kilometrlik issiqlik va suv ta’minoti, 5,3 kilometrlik tabiiy gaz tarmoqlari, 100 dan ortiq nasoslar, 135 ta transformator va nimstansiya, 59 dona gaz taqsimlash qurilmalari, shuningdek, bino va inshootlarning 15000 m2 tom qismlari joriy va kapital ta’mirlandi. Bundan tashqari, issiqlik tarmoqlariga 6000 m2 issiqlik qoplamalari o‘rnatildi.
Tizimda kuz-qish mavsumiga zarur material va yoqilg‘i mahsulotlarining zaxirasi to‘liq shakllantirildi. Tarkibiy bo‘linmalarda tunu kun ishlaydigan tezkor avariya tiklovchi brigadalar tashkil etildi. Brigadalar faoliyati to‘liq nazoratga olingan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BLJxYDbRy8I" title="NKMK: ishlab chiqarish ob’ektlari mavsumga shay" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, O‘zA