“NKMK” AJga ESG – reytingi berildi
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan ilk bor korporativ ESG – reytingi berildi. Kombinat O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida mazkur reytingni qo‘lga kiritgan birinchi kompaniya bo‘ldi.
Kombinat Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ESG –reytingini berish uchun agentlik “NKMK” AJning barqaror rivojlanish strategiyasi va tashabbuslari, kompaniyaning korporativ boshqaruv amaliyotlari hamda uning ijtimoiy, ekologik ta’sirini har tomonlama baholagan.
Ekologik hodisalarning yo‘qligi, chiqindilarni boshqarish va suv iste’moli bo‘yicha ichki hujjatlarning mavjudligi hamda ish haqidagi gender tafovutning pastligi tufayli “NKMK” AJning ekologik va ijtimoiy ko‘rsatkichlari “3” darajasida ijobiy baholandi.
Shuningdek, ekspertlar tomonidan korporativ boshqaruvning rivojlanishi “2” darajasida yuqori baholandi. Bunda xalqaro standartlarga muvofiq moliyaviy hisobotlarning mavjudligi, faoliyatning muntazam ichki auditdan o‘tkazilishi va xavf-xatarni boshqarish kabi faktorlar hisobga olinadi.

– Kompaniya faoliyatini barqaror rivojlanish tamoyillari asosida olib borish, biznes maqsadlarga erishish, investorlar ishonchini oshirish uzoq muddatli taraqqiyotning asosiy shartidir, – deydi bosh direktorning transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Antonov. – ESG tamoyillarini joriy etish “NKMK” AJda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli transformatsiyaning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda “2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi esa “O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasiga muvofiq kompaniyaning barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarini amalga oshirishda mas’uliyat va tizimli yondashuvga bo‘lgan intilishlarimizni yanada kuchaytiradi. “Sustainable Fitch” agentligi tomonidan “NKMK” AJning ESG – reytingi “3” darajasida yakuniy baholanishi konchilik tarmog‘i kompaniyalari darajasiga mos keladi va sohaning atrof-muhitga ta’sir, energiya, suv resurslarining sezilarli darajada iste’moli hamda issiqxona gazlari va sanoat chiqindilarining hosil bo‘lishi kabi xususiyatlaridan kelib chiqadi.
Albatta, kombinatga ESG – reytingining berilishi barqaror rivojlanish tamoyillarini tatbiq etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni tasdiqlash bilan bir qatorda, jahonning ilg‘or tajribalariga muvofiq ekologik, ijtimoiy va korporativ jihatlarni boshqarishni yanada takomillashtirish uchun yo‘nalishlarni belgilab beradi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri