Nishon va Ko‘kdalada ikkita yirik podstansiya quriladi
Qashqadaryo sanoatida yirik korxonalar atrofida kooperatsiya zanjirlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Yil yakunigacha G‘uzor, Sho‘rtan, Muborak, Dehqonobod va Nishonda oltita sanoat klasteri tashkil etish, Sho‘rtan, Muborak, Yakkabog‘ va Kosonda “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasi filiallarini ochish vazifasi qo‘yildi. Infratuzilma uchun dastlab 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Xitoyning “FM World” korxonasida yig‘ilayotgan zamonaviy traktor va qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish, mazkur korxonada agrodronlar ishlab chiqarish loyihalarini boshlash belgilandi.
Prezidentimiz o‘tgan hafta energetika sohasidagi yirik investorlarning tashabbuslarini birma-bir eshitganini qayd etdi. “Masdar” kompaniyasi kelasi yil Qashqadaryoda 300 megavattli quyosh elektr stansiyasi va 75 megavattli energiya saqlash quvvatini ishga tushiradi. Ushbu loyiha qiymati 250 million dollar.
Qarshi tumanida xitoylik hamkor ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi olish bo‘yicha 45 megavattli loyiha yakunlanmoqda. Elektr tarmoqlarini mustahkamlash uchun Nishon va Ko‘kdalada ikkita yirik podstansiya qurilishiga 70 million dollar jalb qilinadi. Ularni kelasi yil ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
O‘zA