Nima sababdan 1-sinflar uchun onlayn qabul boshlanmadi?
Luqma
Bugun 15 iyun sanasidan 2021-2022 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul boshlanishi kerak edi. Ammo negadir ertalabdan qilgan urinishlarim besamar ketdi. Farzandimning hujjatlarini onlayn tarzda topshira olmadim. Shundan so‘ng, my.maktab.uz elektron plaftormasida ko‘rsatilgan telefon raqami(71-203-07-04)ga qo‘ng‘iroq qildim.
Qo‘ng‘irog‘imga javob bergan yigitning aytishicha, texnik nosozliklar sabab 1-sinflar uchun onlayn qabul jarayoni boshlanmagan. Operator mazkur platforma ertaga, balki bugun ham ishga tushishi mumkinligi aytgach, go‘shakni qo‘ydim.

Soat 18:00. Kompyuterimdan my.maktab.uz elektron plaftormasiga kiraman. Hamon mazkur platformada 1-sinflar uchun qabul jarayoni ishga tushirilmagan. Qo‘ng‘irog‘imga javoban, hali ham texnik nosozliklar bartaraf etilmagani bois, qabul jarayoni boshlanmaganini aytishadi...
Kutamiz... Umid qilamizki, texnik nosozliklar tez orada bartaraf etilib, 1-sinflarga qabul jarayonlari boshlab yuboriladi.
Darvoqe, joriy yilning 8 iyun’ kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova 2021-2022 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul 15 iyun sanasidan boshlanishini ma’lum qilgandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA