Nikoh 20 yildan keyin rasmiylashtirildi
Yangiyer shahrida istiqomat qilayotgan Bahodir Hamidov va O‘g‘iloy Sharopova 20 yildan buyon shar’iy nikoh asosida yashab kelgan.
Shu sabab o‘tgan davr mobaynida oila ko‘plab huquqiy muammolarga ham duch kelgan, idorama-idora sarson bo‘lgan kunlari ham bo‘lgan.

«Online-mahalla» platformasining ishga tushirilishi oilaning bu muammosi hal etilishiga zamin yaratdi.
–Har bir hujjatning o‘z vaqtida rasmiylashtirilishiga e’tiborli bo‘lish darkor ekan, – deydi Baxtiyor Hamidov. – Aks holda birgina hujjatning mavjud emasligi ovorayu-sarsongarchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Biz e’tiborsizlik sabab qonuniy nikohni rasmiylashtirishga qunt qilmadik. Adliya xodimlariga katta rahmat, ularning ko‘magi bilan mana bugun muammoga yechim topildi.

– Ushbu holat Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi farmoni ijrosi doirasida adliya organlari tomonidan uyma-uy yurgan holda aholining huquqiy muammolarini o‘rganishlar jarayonida aniqlandi, – deydi Yangiyer shahar FHDYO mudirasi Ma’mura Jo‘rayeva.
Er-xotinning 20 yillik nikohi 2 nafar farzandi guvohligida qonuniy qayd etildi. Bundan nafaqat Bahodir Hamidov va O‘g‘iloy Sharopova, ularning farzandlari va yaqinlari ham birdek xursand bo‘lishdi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri