"Nigoh" ijodiy loyihasi samarali o‘tmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi hamda O‘zbekiston Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining “Rejissyor-dramaturg-kompozitor-rassom tamoyili asosida ijodiy hamkorlik maydonini kengaytirishga qaratilgan “Nigoh” ijodiy loyihasini amalga oshirilmoqda.

Rejissyor — dramaturg — kompozitor — rassom tamoyili asosida ijodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Nigoh” ijodiy loyihasi joriy yilning 7–10 sentabr kunlari Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi “Parkent ijod uyi”da muvaffaqiyatli o‘tkazilyapti.
Ijodiy loyiha doirasida 55 nafar soha mutaxassislari ishtirok etmoqda. Shundan, 9 nafari tajribali ustoz murabbiylar (baholash kengashi a’zolari), 46 nafar yosh ijodkor (14 nafar dramaturg, 15 nafar rejissyor, 13 nafar rassom va 4 nafar bastakor).

Yosh ijodkorlar tomonidan ishlangan 15 ta ijodiy ishni teatr sohasida uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan ustoz va murabbiylar – Muhabbat To‘laxo‘jayeva, Valixon Umarov, Omonulla Rizayev, Go‘zal Xoliqulova, A’zam Abduxalilov, Mirjalol Xoliqov, Akmal Safarov, Shohruh Abdurasulov, Maftuna Mahmadaminova singari ekspertlar ko‘rib chiqib, asarlardagi kamchiliklar va ularni badiiy-g‘oyaviy takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berib borayapti.

Har bir ijodiy ish ustoz va murabbiylar bilan birgalikda qayta-qayta ishlanib, tayyor asar holiga keltirilayapti. Ijodkorlar tayyor bo‘lgan asarlarini ustoz va murabbiylar (baholash kengashi) oldida himoya qiladi va muhokama olib borilmoqda.
“Nigoh” ijodiy loyihasining 3-kunida baholash kengashining yakuniy xulosaviy muhokamasi bo‘lib o‘tadi. Bunda dramaturg, rejissyor, rassom, kompozitor hamkorligida yaratilgan pesalar tanlab olinadi va g‘oliblar aniqlanadi.

Shuningdek, seminar doirasida ustoz va murabbiylar, tajribali rejissyorlar tomonidan yosh ijodkorlar uchun mahorat darslari olib boriladi.
2026-yil 10 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi binosida tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
N.Usmonova, O‘zA