Niger yanvardan xom neft eksport qila boshlaydi
Nigerdagi Vatanni himoya qilish bo‘yicha milliy kengash (CNSP) rahbari general Abdurahmon Tchiani bayonot berishicha, mamlakat xom neft eksportini 2024 yil yanvardan boshlaydi.
Noyabrda ushbu mamlakat Xitoyning “PetroChina” kompaniyasi yordamida uzunligi 2 000 kilometrlik neft quvurini ishga tushirdi. Ushbu yo‘nalishda endi qo‘shni Beninga neft yetkazib beriladi.
– Yanvar oyi boshidan Atlantika okeaniga transportirovka amalga oshiriladi, – dedi Tchiani “RTN” milliy televideniyesiga bergan intervyusida. – Nigerdan ilk bor xom neft eksport qilish umididamiz.
Uning aytishicha, Beninga jo‘natiladigan kunlik 90 ming barrel neftdan Niger 25,4 foiz daromad oladi.
Iyul oyida Niger harbiylari Prezident Muhammad Bazum hokimiyatdan chetlatilgani, chegaralar yopilgani va komendantlik soati joriy qilingani haqida bayonot bergan edi.