Nevadada yutsa, Bayden uchun prezidentlik naqd!
AQSH prezidentligiga demokratik partiya tomonidan nomzodi qo‘yilgan Jo Baydenga keskin kurashda g‘olib chiqish uchun atigi bir qadam qoldi.
U Nevada shtatida ustunlikka ega bo‘lsa bas, yana 6 ta saylovchi ovozini oladi va mamlakatning navbatdagi prezidentiga aylanadi.
Bunday taxminni “Fox News” telekanali ovoz berish natijalari bo‘yicha e’lon qilingan dastlabki ma’lumotlarga asoslanib bildirgan.
Avvalroq ushbu kanal jurnalistlari Baydenning Michigan shtatidagi g‘alabasi haqida xabar bergandi. Ayni ma’lumotlar ovoz berish yakunlari rasman oshkor qilinganda tasdiqlanadigan bo‘lsa, demokrat-da’vogar jami 264 nafar saylovchining ovozidan umid qilsa bo‘ladi.
Baydenning raqibi – Amerikaning hozirgi yetakchisi, respublikachilar vakili Donald Tramp, OAV xabarlariga qaraganda, 214 ovoz to‘plagan.
NEWS.ru. tarqatgan xabarda saylovning yakuniy natijasi raqiblar o‘rtasida juda kichik farq saqlanib turgan va vaziyat istalgan paytda o‘zgarib ketishi ehtimoli mavjud shtatlarda qayd etiladigan ko‘rsatkichlarga bog‘liqlig‘i ta’kidlangan.
Ayni dam Nevadadan tashqari Pensilvaniya (20 ovoz), Jorjiya (16), Shimoliy Karolina (15) va Alyaska (3) shtatlarida ham ovozlar sanab bo‘lingani yo‘q.