Nemis kompaniyalari hukumatdan tovon so‘ramoqda
Germaniyaning “Siemens” va “Volkswagen” konserni bo‘linmalari Germaniya hukumatiga murojaat qilib, Rossiyaga avval kiritilgan sarmoya bilan bog‘liq zarar qoplanishini so‘ragan, deb yozdi “Deutsche Welle”.
– Ko‘pgina nemis kompaniyalari singari, biz ham federal hukumatning investititsiyani kafolatlash vositasidan foydalangan holda, Rossiyadagi investitsiyani sug‘urta qildik, – dedi “Siemens Mobility” vakili. – Ayni payt korxonamiz Berlin va investitsiya kafolatini amalga oshirishda ishtirok etgan auditorlik kompaniyasi bilan kompensatsiya masalasini muhokama qilmoqda.
“Volkswagen Bank” vakili ham shunday jarayon davom etayotganini ma’lum qildi. Joriy yil noyabr oyida Germaniya Moliya vazirligi Rossiyadagi loyihalar uchun davlat investitsiya kafolatidan foydalanishni istagan sakkiz korxonadan 16 ariza kelib tushgani to‘g‘risida xabar bergan. Bu yerda gap, taxminan, 2,8 milliard yevro haqida ketyapti.
2022 yil 24 fevralda boshlangan Rossiya – Ukraina mojarosidan oldin Germaniya hukumati nemis korxonalarining RFdagi sarmoyasini himoya qilib kelgan, lekin to‘liq miqyosli urush boshlangandan keyin bu dastur to‘xtatilgan. Ko‘p o‘tmay, “Siemens” va “Volkswagen” Rossiyadagi biznesini to‘xtatishga qaror qilgan.