“Neftchi”ning Erondagi safar o‘yinlari Qatarga ko‘chirilishi mumkin
Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayevning ma’lumotiga ko‘ra, Eronning har ikki vakili xalqaro turnirdagi uy uchrashuvlarini Doha shahrida qabul qilish istagini bildirgan.
“Neftchi”ning OFK Chempionlar ligasi Elit turniridagi safar uchrashuvlari geografiyasida o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Farg‘ona klubi Eronning “Traktor” va “Istiqlol” jamoalariga qarshi bahslarni Eronda emas, Qatarda o‘tkazishi ehtimoli bor.
Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayevning ma’lumotiga ko‘ra, Eronning har ikki vakili xalqaro turnirdagi uy uchrashuvlarini Doha shahrida qabul qilish istagini bildirgan. Avvalroq “Traktor” o‘z o‘yinlarini Ummonda o‘tkazishi mumkinligi aytilgan edi, biroq klub yakunda Qatar variantiga ustunlik bermoqchi.
Hozircha masala bo‘yicha OFKning yakuniy qarori e’lon qilinmagan. Biroq uchrashuvlargacha vaqt qisqarib borayotgani va muqobil variantlar ko‘p emasligi sabab Eron klublarining Doha bo‘yicha taklifi ma’qullanishi mumkin.
Bu qaror “Neftchi”ning taqvimiga ham bevosita ta’sir qiladi. Farg‘onaliklar 2-noyabr kuni “Traktor” mehmoni bo‘lishi, 7-dekabrda esa “Istiqlol”ga qarshi safarda maydonga tushishi belgilangan.
Agar OFK Dohani neytral maydon sifatida tasdiqlasa, “Neftchi” Elit Chempionlar ligasida Eron klublariga qarshi ikkala “safar” uchrashuvini ham Qatarda o‘tkazadi.