«Neftchi» peshqadamlikni mustahkamladi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 25-turi doirasida bugun, 24-oktabr kuni Qarshida «Nasaf» va «So‘g‘diyona» jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Uchrashuv soat 18:00 ga belgilangan.
Kuni kecha Superliganing 25-tur markaziy uchrashuvida Farg‘onaning «Neftchi» jamoasi safarda Toshkentning «Paxtakor» klubiga qarshi muvaffaqiyatli o‘yin o‘tkazdi.
Gap shundaki, «Paxtakor» stadionida tashkil etilgan mazkur o‘yinda «Neftchi» 3:1 hisobida zafar quchdi. O‘yinning 23-daqiqasida Dostonbek Hamdamov penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda esa farg‘onaliklar tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. 55-daqiqada Stipe Peritsa hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 66-daqiqada Koffi Kuao hisobni 2:1 ko‘rinishiga olib keldi. Uchrashuvning 89-daqiqasida Jamshid Iskanderov penaltidan muvaffaqiyatli foydalanib, jamoasining 3:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Ushbu o‘yinda qayd etilgan g‘alabadan so‘ng, «Neftchi» ochkolarini liga jadvalida yaqqol peshqadamga aylandi. «Paxtakor» esa ikkinchi o‘rinda qoldi.
Shuningdek, kecha 25-tur doirasida yana bir uchrashuv bo‘lib o‘tdi. «Buxoro» o‘z maydonida «Surxon»ni qabul qildi. Uchrashuvda hisob ochilmadi. Natijada «Buxoro»ning ochkolari 41 taga yetdi va 4-pog‘onadagi o‘rnini mustahkamladi. «Surxon» klubi esa 29 ochko bilan 12-o‘rinni band etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA