«Neftchi» o‘z uyida «So‘g‘diyona»ni ayab o‘tirmadi
Farg‘onaning «Neftchi» klubi Superliganing 19-turida raqibi ustidan ishonchli g‘alaba qozonib, chempionlik poygasidagi o‘rnini yanada mustahkamladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 19-turini boshlab bergan Farg‘onaning «Neftchi» va Jizzaxning «So‘g‘diyona» klublari o‘rtasidagi o‘yin yirik - 3:0 hisobida o‘z yakuniga yetdi.
Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida o‘tkazilgan bahsda mezbonlar hisobni 23-daqiqada ochdi. Zoran Marushich o‘zining aniq zarbasi bilan «Neftchi»ni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda ham farg‘onaliklar hujumlarni davom ettirib, 60-daqiqada Marushichning ikkinchi goli evaziga ustunlikni oshirdi. Uchrashuv yakuniga yaqin, hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda Stipe Peritsa yana bir bor «So‘g‘diyona» darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining yirik hisobdagi g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa «Neftchi» ochkolari sonini 45 taga yetkazdi va chempionlik poygasidagi peshqadamligini mustahkamladi. «So‘g‘diyona» esa 24 ochko bilan 10-o‘rinda qoldi.
Bugun, 24-avgust kuni milliy chempionatimizning 19-turi doirasida «Qo‘qon-1912» va «Buxoro» jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Uchrashuv Qo‘qon shahrida soat 19:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA