“Neftchi” dars berdi, “So‘g‘diyona” saboq ola bildimi?
Superliganing 13-turida Zominda kechgan “So‘g‘diyona” – “Neftchi” uchrashuvi mezbonlar uchun shunchaki yirik mag‘lubiyat emas, balki jiddiy xulosa chiqarishga majbur qiladigan achchiq saboq bo‘ldi. Islombek Ismoilov boshchiligidagi “Neftchi” maydonda har jihatdan raqibidan ustun ekanini isbotladi va 5:1 hisobidagi ishonchli g‘alaba bilan buni amalda namoyon etdi.
Uchrashuvning ilk golini Petar Michin kiritdi. Biroq bu golni uning yuksak mahorati mahsuli deb baholash qiyin. Aksincha, mehmonlar darvozaboni Botirali Ergashevning qo‘pol xatosidan unumli foydalanildi, xolos. Shu vaziyatdan keyin esa Michinga tashlangan to‘plarni qabul qilish, hujumlarni davom ettirish yoki jamoaga yetakchilik qilish borasida deyarli ijobiy harakat kuzatilmadi.
Shundan keyin maydonda yagona hukmron kuch “Neftchi” bo‘ldi. Ibrohimxalil Yo‘ldoshov, Xurshid G‘iyosov, Stipe Peritsa, Anvarjon G‘ofurov va Jamshid Iskanderovning gollari farg‘onaliklarning nafaqat hisobda, balki o‘yin mazmunida ham mutlaq ustunligini tasdiqladi.

Bu g‘alabada asosiy omilni faqat taktika bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Albatta, Islombek Ismoilov jamoani uchrashuvga puxta tayyorlagani ko‘rinib turdi. Ammo bu bahsda hal qiluvchi farqni, avvalo, ijrochilar yaratdi. “Neftchi” futbolchilari har bir epizodda tezkor qaror qabul qildi, yuqori sur’atni saqladi, vaziyatlardan samarali foydalandi. “So‘g‘diyona” esa deyarli har bir chiziqda raqibidan ortda qoldi.

Bu holat Ulug‘bek Baqoyev boshchiligida yozgi transfer oynasida amalga oshirilgan seleksiyaga nisbatan ham jiddiy savollarni kun tartibiga chiqaradi.
Katta umid bilan jalb etilgan Petar Michin yuqorida ta’kidlanganidek, darvozabon xatosidan keyin gol urganini hisobga olmaganda, hujum chizig‘ida kutilgan darajadagi o‘yinni ko‘rsata olmadi. Unga tashlangan to‘plarni qabul qilishda ham, hujumni davom ettirishda ham muvaffaqiyat ko‘zga tashlanmadi.
Zenan Zaymovich esa o‘tgan turda nisbatan yaxshiroq taassurot qoldirgan bo‘lsa, bu gal deyarli butun uchrashuv davomida ko‘rinmadi. Maydondagi harakatlari legioner maqomiga mutlaqo munosib emasdi. Ayrim holatlarda u mahalliy futbolchilar darajasiga ham yeta olmagani yaqqol sezildi.

Zabihulloh O‘rinboyev esa bahsning burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqardi. Hisob 1:0 bo‘lib turgan pallada deyarli bo‘sh qolgan darvozaga 3–4 metr masofadan to‘pni aniq yo‘llay olmagan hujumchidan keyingi hal qiluvchi vaziyatlarda qanday samara kutish mumkin? Ana shu epizoddan so‘ng o‘yinning ruhiy ustunligi ham to‘liq mehmonlar tomoniga o‘tib ketdi.
Jamshid Boltaboyev ham uchrashuv davomida o‘zini namoyon eta olmadi. Maydonda uning o‘yinidan yodda qolarli harakat topish mushkul.
Darvozabon Milan Mitrovich ham muxlislar kutgan ishonchni oqlay olmayapti. Uchrashuvda o‘tkazib yuborilgan besh golning kamida ikkitasida uning xatolari hal qiluvchi omilga aylandi. Qaytarib olib kelingan tajribali posbondan bunday o‘yin emas, aksincha, xuddi o‘tgan turda “Xorazm”ga qarshi o‘yindek, jamoani qutqaruvchi harakatlar kutilgan edi.

Eng xavotirlisi, “So‘g‘diyona” hali ham vaziyat jiddiyligini to‘liq his qilmayotgandek ko‘rinadi. Chempionatning birinchi davrasi tugashiga atigi ikki tur qolgan. Mavsum deyarli yarmi ortda qolmoqda. Ammo jamoa hamon musobaqa jadvalining xavfli hududida qolmoqda. Bu esa endi tasodif emas, balki tizimli muammolar borligidan dalolat.
Statistikaga nazar tashlasak, “Neftchi”ning Jizzaxdagi ustunligi yana bir bor tasdiqlandi. Farg‘onaliklar bu maydonda so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatli an’anasini davom ettirdi. “So‘g‘diyona” esa 2018-yildan beri o‘z maydonida “Neftchi”ni mag‘lub eta olmayotgan noxush seriyani yana uzaytiradi.
Endilikda jizzaxliklar hissiyotga emas, haqiqatga tik qarashlari shart. Bu mag‘lubiyatni hakamlik, omadsizlik yoki tasodif bilan izohlash imkoni yo‘q. Maydonda qaysi jamoa kuchli bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qildi. “Neftchi” bugun har bir chiziqda, har bir pozitsiyada va har bir qarorda raqibidan ustun bo‘ldi.

Ulug‘bek Baqoyev, murabbiylar shtabi, futbolchilar va klub rahbariyati ushbu uchrashuvdan to‘g‘-ri xulosa chiqarmasa, mavsumning qolgan qismi yanada og‘ir kechishi mumkin. Chunki muxlislar mag‘lubiyatga bir amallab chidashi mumkin, ammo no‘noqlikka emas. Jizzaxdagi bu 1:5 hisobidagi mag‘lubiyat bir o‘yin tarixi sifatida emas, balki “So‘g‘diyona” uchun kechiktirib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar zarurligini ko‘rsatgan qattiq ogohlantirish sifatida esda qolishi lozim.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri