Nazira As-Salom tavalludiga bag‘ishlangan adabiy anjuman
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni sohibi, taniqli shoira va jamoat arbobi Nazira As-Salom tavalludining 70 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib, Nazira As-Salomning zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi munosib o‘rni, uning ijodida milliy ruh, Vatanga muhabbat, ma’naviy poklik va inson qadri kabi yuksak g‘oyalar chuqur badiiy ifoda topganini ta’kidladi.
— Adabiyotga sadoqat bilan xizmat qilish har kimga ham nasib etavermaydi. Nazira As-Salom ana shunday fidoyi ijodkorlardan. Uning she’rlarida hayot haqiqati, ona zaminga muhabbat va inson qalbining eng nozik tuyg‘ulari samimiyat bilan aks etadi, — dedi Sirojiddin Sayyid.
Tadbir davomida Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Respublika «Nuroniy» jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev va boshqalar shoiraning adabiy merosi, tarjimonlik faoliyati hamda milliy adabiyot taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi haqida fikr bildirdi.
Adabiyotshunos olimlar Nazira As-Salom ijodini ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilib, uning asarlarida milliy va umuminsoniy g‘oyalar uyg‘unligi, she’riy tafakkur, obrazlar tizimi va uslubiy o‘ziga xoslik yaqqol namoyon bo‘lishini qayd etdi. Shuningdek, shoiraning ijodi kelgusida ham ko‘plab ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
[gallery-30560]
Anjumanda ishtirok etgan jurnalistlar Nazira As-Salom bilan bog‘liq samimiy xotiralari va ijodiy muloqotlari haqida so‘zlab, uning nafaqat she’riyatda, balki hayotda ham kamtarlik, mehr-muruvvat va insoniylik fazilatlarining yorqin namunasi ekanini e’tirof etdi.
Tadbir davomida shoira ijodining asosiy mavzulari — Vatan, ona timsoli, muhabbat, inson sha’ni, ezgulik va ma’naviy poklanish g‘oyalari haqida atroflicha fikr yuritildi. Qayd etilganidek, Nazira As-Salom she’rlari bugun ham kitobxonlarni ezgulik, mehr-oqibat, Vatanni sevish va inson qadrini ulug‘lashga chorlab kelmoqda.
Yubiley munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur adabiy anjuman shoiraning boy ijodiy merosiga bildirilgan yuksak ehtiromning amaliy ifodasi bo‘ldi. Unda aytilgan fikrlar Nazira As-Salom asarlari va ma’naviy merosi kelgusi avlodlar uchun ham ilhom manbai bo‘lib qolishini yana bir bor tasdiqladi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA muxbirlari