Nazariya va amaliyot uyg‘unligi
Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmonida Oliy sudga ham bir qator vazifalar yuklatilgan edi.
Xususan, nazariy tayyorgarlikning huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga qaratilgan ma’ruzalar, mahorat darslari va o‘quv seminarlarini o‘tkazish, vazirlik va idoralarning amaliyot xodimlarini jalb qilish orqali o‘quv jarayonini samarali tashkil etishda TDYUU va yuridik fakultetlarga doimiy ravishda har tomonlama ko‘maklashish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida imzolangan “Yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida” gi memorandumda talabalarning nazariy bilimlarini yanada mustahkamlash, olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etish va qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida sudlarda amaliyot o‘tashlari nazarda tutilgan.

Shundan kelib chiqib, 2022 yil 7 fevraldan joriy yilning aprel oyiga qadar Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 4-kurs talabalari Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotini o‘tamoqda.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ushbu sud sudyalari hamda talabalar ishtirokida navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi. Unda stajirovka o‘tash tartibi, ta’lim va amaliyotning uzviyligini ta’minlash, talabaning qiziqishi, intilishi, qobiliyatini inobatga olgan holda keyinchalik sud idoralariga ishga joylashtirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi. Bundan tashqari, sud sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, bu borada qabul qilingan normativ hujjatlarning mazmun-mohiyati, sudlar faoliyatiga axborot texnologiyalarni keng tatbiq etish afzalliklari haqida talabalarga tushuntirishlar berildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Sarvar Soliyev,
Toshkent shahar Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.
O‘zA