Nazariy bilimlar amaliyotda mustahkamlanadi
Farg‘ona viloyati Toshloq agrosanoat kasb-hunar kollejida amaliy mashg‘ulotlarning sifat va samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona viloyati Toshloq agrosanoat kasb-hunar kollejida amaliy mashg‘ulotlarning sifat va samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan tashkil etilgan seminarda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan kasb-hunar kollejlari mutaxassislari hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning sog‘lom va barkamol voyaga yetishi, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar sirlarini puxta o‘zlashtirishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘qitishning asosiy bo‘g‘ini sanalgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun zamonaviy kollej va litseylar bunyod etilib, ularda turli yo‘nalish va ixtisosliklar bo‘yicha o‘quvchilarga puxta bilim berilmoqda. Farg‘ona viloyatidagi 145 kasb-hunar kolleji ham zamonaviy talablar asosida to‘liq jihozlangan.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 28-maydagi “Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, kasb-hunar kolleji va akademik litseylar uchun ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan malakali kadrlarni tanlash, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda kasb-hunar kollejlarini o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun sarflanadigan materiallar hamda zurur xomashyo bilan ta’minlash me’yorlari va mexanizmi ishlab chiqilib, hayotga joriy etildi. Shuningdek, tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining malaka va maharotini oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
– Kollejimizda 1 ming 700 dan ziyod o‘g‘il-qiz o‘ndan ortiq mutaxassislik bo‘yicha tahsil oladi, – deydi Toshloq agrosanoat kasb-hunar kolleji direktori Robiyaxon Tolipova. – Albatta, nazariy bilim amaliy mashg‘ulotlarda yanada mustahkamlanadi. Buning uchun kollejda amaliy mashg‘ulotlar xonalari zamonaviy talablar asosida jihozlangan. Amaliyotning samarali yo‘lga qo‘yilgani bitiruvchilar bandligi to‘liq ta’minlanishi, muayyan korxona va tashkilotda muqim faoliyat ko‘rsatishida asosiy omil bo‘lmoqda.
Tadbir doirasida mamlakatimizning turli hududlaridagi kollejlarning o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish bo‘yicha tajribalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.