Navqiron avlod va kitob mutolaasi
Respublika bolalar kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirishga bag‘ishlab seminar o‘tkazildi.
Respublika bolalar kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirishga bag‘ishlab seminar o‘tkazildi.Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtimizdagi axborot-resurs markazlarining mutaxassislari, yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S.Sayyid, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbarining o‘rinbosari Sh.To‘rayev, Respublika bolalar kutubxonasi direktori D.O‘rolov va boshqalar mamlakatimizda har tomonlama sog‘lom, yuksak salohiyatli va ma’naviyatli farzandlarni kamolga yetkazish yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlar o‘z samaralarini berayotganini ta’kidladi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasida xalqimizning fidokorona mehnatini, buyuk bunyodkorlik salohiyatini, zamondoshlarimizning ma’naviy-ruhiy dunyosini, barkamol avlod tarbiyasidagi ezgu intilishlarni teran badiiy aks ettirishda milliy adabiyotimizning o‘rni va ahamiyati g‘oyat katta ekanini ta’kidlaydi.
Bugungi globallashuv davrida o‘quvchi-yoshlarning kitobga mehrini yanada kuchaytirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, o‘g‘il-qizlarni millatimiz uchun yot va zararli ta’sirlardan himoyalash, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida «Adabiyot haftaliklari», «Kitobxonlik bayramlari», atoqli yozuvchi va shoirlar, ijodkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelinayotir.
Seminarda milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida yoshlar odob-axloqini shakllantirish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarda kitobxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish lozimligi qayd etildi.
– Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan, qo‘llanmalar, darslik va adabiyotlarning elektron shakli yaratilayotgan, internet orqali istalgan adabiyotni tezlik bilan o‘qish imkoni paydo bo‘lgan hozirgi kunda ham kitobning navqiron avlod tarbiyasidagi ahamiyati muhimligicha qolmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 31-umumta’lim maktabi direktorining o‘rinbosari Zarofat Otajonova. – Bizning ta’lim dargohimizda ham kitobxonlik bayramlari samarali tashkil etilib, «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi muntazam o‘tkaziladi. Unda bolajonlar sevimli yozuvchi va shoirlari asarlarini mutolaa qiladi, o‘zaro muhokama etadi. Yaqinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan o‘quvchi-yoshlarning uchrashuvi tashkil etildi. Adibning sermazmun ijodi, purma’no fikrlari yoshlar qalbiga bir olam quvonch va ezgulik ulashdi. Maktabimizda “Odobli bola elni tanitar”, “Men tug‘ilib o‘sgan o‘lka”, “Biz tabiatni sevamiz”, “O‘qing, yangi adabiyotlar” kabi mavzularda kitobxonlik kechalari o‘tkazilmoqda.
Yoshlarning kitobxonlik darajasini yuksaltirish, chop etilayotgan darsliklar, qo‘llanmalar va boshqa adabiyotlarning sifati va saviyasini oshirish to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.