Navoiylik polvonlar g‘olib bo‘ldi
Samarqand shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla yoshlari o‘rtasida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan “Bosh prokuror kubogi” musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 130 nafarga yaqin o‘g‘il-qizlar to‘qqiz vazn toifasida kuch sinashdi. Yakunda umumjamoa hisobida Navoiy viloyati yoshlari birinchi o‘rinni egallab, “Bosh prokuror kubogi”ni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin qashqadaryoliklarga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Surxondaryo viloyati va Toshkent shahri yosh polvonlari egalladi.
[gallery-24276]
– Mahallalarda o‘tkaziladigan to‘y kurashlarida olishib yuraman, – deydi 90 kilogramm vazn toifasida g‘olib bo‘lgan surxondaryolik Musulmon Mamatqulov. – “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan kurash musobaqasining final bosqichida g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Eng muhimi, bu g‘oliblik tufayli mahallamizda sport maydonchasi quriladi.
Musobaqada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan yoshlar mahallalariga universal, ikkinchi o‘ringa stritbol vorkaut, uchinchi o‘ringa vorkaut sport maydonchalari qurib beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, shohsupaga ko‘tarilgan yoshlarga diplom, medal va esdalik sovg‘alari hamda ularni musobaqaga tayyorlagan sport mas’ullari va murabbiylarga pul mukofotlari topshirildi.
G‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev ishtirok etdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari