Navoiydan navo topgan ijodkor
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur uyushma a’zosi, shoir Ashurali Boymurodning “Navoiydan navo topdim” deb nomlangan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Adabiy tadbirga olimlar, yozuvchi va shoirlar, talaba-yoshlar, so‘z san’ati muxlislari taklif etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, atoqli shoira Farida Afro‘z, O‘zbekiston xalq shoiri, uyushmaning Toshkent viloyati bo‘limi raisi Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov va boshqalar Ashurali Boymurodov ijodi xususida batafsil to‘xtalishdi.
- Davlatimiz rahbarining milliy adabiyotimizga ko‘rsatayotgan e’tibori sababli bunday muhtasham zallarda kitobxonlik tadbirlari, adabiy anjumanlar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda, - dedi xalq shoiri Mahmud Toir. – Ashuralining ijodini hurmat qilaman. Ayni paytda u imonda, e’tiqodda, odamgarchilikda ham sobit qalamkashdir. Adabiy tadbirlar, yoshlar bilan ijodiy muloqotlar, turli anjumanlarda doim faol ishtirok etishi uning so‘z san’atiga bo‘lgan fidoyiligidan darak beradi.
– Ashurali millatparvar, insonparvar ijodkordir, - dedi Muhammad Ali. – Ijodkorning faoliyati shundayki, uning zahmatli mehnatini birov ko‘rmaydi, bilmaydi. Kitobxon faqat qalamkash mehnatining rohatini, natijasini ko‘radi. She’riy romanlar, dostonlar yozish uchun ijodkor ehtimol, marafonchi bo‘lmog‘i kerakdir. Ashuralini ham ana shunday sportchiga o‘xshatish mumkin. Uning “Navoiydan navo topdim” deb nomlangan kitobidan she’rlar, tarjimalar, dostonlar, anchagina publitsistik maqolalar o‘rin olgan.
Taqdimot tadbirida ijodkor va uning yangi kitobi xususida batafsil so‘z yuritildi. Darhaqiqat, buyuk shoir bobokalonimiz Alisher Navoiydan ruhlanmagan, ilhomlanmagan yozuvchi va shoirni topish mushkul. Shoir Ashurali Boymurodning yangi kitobi ham ulug‘ mutafakkir ijodidan ruhlanib yaratilgani bilan ahamiyatli.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri