Navoiyda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Yangi Navoiy” direksiyasi tomonidan ishbilarmonlar, tadbirkorlar, investorlar hamda xalqaro moliya institutlari vakillari uchun investitsiya loyihalari taqdimoti tashkil etildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy va investitsiya islohotlari hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda xususiy kapital ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonlar natijasini Navoiy shahrida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar misolida ham ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda “Yangi Navoiy” shaharchasini qurish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
“Yangi Navoiy” shaharchasi qurilishi loyihasi uchun 1 ming 100 gektar yer Karmana tumanidan Navoiy shahriga o‘tkazilgan. Birinchi bosqichda 450 gektar maydonda qurilish ishlari olib boriladi.
[gallery-29841]
Shaharchada ko‘p qavatli uy-joylar, umumta’lim maktablari, bog‘chalar, poliklinika barpo etiladi. “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Navoiy davlat universitetining yangi kampusi quriladi. Shuningdek, shaharchada sayilgoh, ko‘ngilochar maskanlar, savdo do‘konlari, ovqatlanish shoxobchalari tashkil etiladi.
Taqdimotda viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, viloyatda olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari, iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari hamda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbir doirasida “Yangi Navoiy” shaharchasi, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, “Yoshlik” ko‘li atrofida barpo etilayotgan turistik majmua, “G‘alaba bog‘i” hamda Qadimiy Karmana turistik markazi kabi istiqbolli loyihalar taqdim etildi.
Taqdimot davomida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda ko‘ngilochar maskanlarni tadbirkorlarga ijara asosida berish, xususiy investitsiyalar hisobiga yangi biznes loyihalarini rivojlantirish haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, zamonaviy infratuzilma yaratish va investorlar uchun qulay shart-sharoitlar tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning muhim qismi ekanligi ta’kidlandi.
Albatta, davlatimiz rahbari tomonidan xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar bu kabi loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari