Navoiyda yangi islohotlar davri boshlandi
Mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Navoiy viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda.
Bugungi kunda viloyat industrial salohiyati yuqori hudud hisoblanadi. Viloyat ahli sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat qilib, Vatanimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Bu hududning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarini yanada oshirmoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 31 oktyabr hamda 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida ulkan industriya loyihalar, yangi korxonalar va ta’lim maskanlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Prezidentimiz “Yangi Navoiy” shaharchasi qurilish maydonida bo‘lib, biz nuroniylar va ziyolilar bilan ham samimiy suhbatlashdi. Suhbat davomida viloyatdagi 8 ta tuman va 3 ta shaharning ertangi kuni qanday bo‘ladi, degan savolga javob topish uchun kelganligini, yildan-yilga aholi soni o‘sib borayotgan bir davrda xalqimizga munosib turmush sharoitini yaxshilab, kelajak avlodga mustahkam zamin yaratish kabi ulug‘ maqsadlarni amalga oshirish zarur ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Karmana tumani hududidan Navoiy shahriga o‘tkazilgan 1100 gektar yerdan birinchi bosqichda 450 gektarga yangi Navoiy shaharchasi qurilishi boshlanishi, shaharchada qad rostlaydigan ko‘p qavatli uylar, 4170 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy umumta’lim maktablarining qurilishi, 1620 o‘ringa ega bo‘lgan bog‘chalar, poliklinika barpo etilishi, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetining tashkil etilishi biz navoiyliklarni behad quvontirdi.
Buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari yangi – 2025 yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif etdi. Bu tashabbus doirasida respublika tanlovi va navoiyxonlik kechalari o‘tkaziladi, yoshlarbop kitoblar chop etiladi, shoir asarlari bo‘yicha filmlar tayyorlanadi. “Yangi Navoiy” shaharchasida muhtasham haykal va muzey barpo etilishi esa barchamizga g‘urur bag‘ishlashi bilan birga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi.
Yurtboshimiz viloyatimizning salohiyati va yutuqlari bilan bir qatorda yechimini kutib turgan muammolar va foydalanilmagan imkoniyatlar haqida ham to‘xtaldi. Mutasaddilarga xorijga ishlashga ketgan odamlar bilan gaplashish, ularning oila a’zolaridan xabar olish, daromadini oshirish uchun sharoit yaratish topshirildi. Xalqni rozi qilish, ish o‘rinlarini yaratish, viloyatimizni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish kabi vazifalarni tizimli davom ettirish bo‘yicha ham aniq topshiriqlar berdi.
Umuman olganda, ushbu uchrashuv ma’naviy hayotimizda yangi islohotlar davrini boshlab berdi. Davlatimiz rahbarining tarixiy ikki kunlik viloyatimizga tashrifi esa nuroniylarimiz, ziyolilarimiz, kasaba uyushmasi a’zolarining, navoiylik yigit-qizlarning, barcha bo‘g‘inda mehnat qilayotgan xodimlarning ancha vaqtlardan buyon ko‘nglida to‘planib qolgan muammolarni hal etishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatli bo‘ldi.
Ilgari surilgan amaliy tashabbuslar esa faqat birgina tizim yoki viloyat, sektor, tuman rahbarlariga tegishli emas. Bu barcha darajadagi rahbarlar, jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Demak, belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda yanada faol va tashabbuskor bo‘lishimiz darkor.
Nazira Tog‘ayeva,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Navoiy viloyati kengashi raisi.
O‘zA