Navoiyda “Adliya bog‘i” tashkil etildi
Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Karmana tumani hududida 1 gektar yer maydoniga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hashar yo‘li bilan 1000 ga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazilib, “Adliya bog‘i” tashkil etildi.
Hasharda boshqarma, tuman (shahar) adliya bo‘limlari, davlat xizmatlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, FHDYO bo‘limlari, notarial palata vakillari, yuridik texnikum xodimlari, tizim faxriylari ishtirok etishdi.


Dastlab tadbirda adliya faxriylari yaxshi niyat bilan ko‘chat ekishni boshlab berdi.

– Barchamiz bir bo‘lib erta tongdan ishga kirishdik, – deydi Navoiy shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Azamat Xolmo‘minov. – Hasharda yer bilan tillashib yurgan faxriylarimiz maslahati bilan hudud iqlimi va tuproq sharoitiga mos ko‘chatlar ekdik. Bu kabi hasharlar bizda an’anaga aylangan. O‘tgan yillar davomida ekkan ko‘chatlarimiz ancha bo‘y cho‘zib qolgan. Bu yil esa o‘z bog‘imizga ega bo‘ldik. Bu bog‘ mevalaridan kelgusida farzandlarimiz, nabiralarimiz bahramand bo‘lishadi.

Hasharda Adliya boshqarmasi huzuridagi “Street law” va “Adliya qanotlari” jamoasi yoshlari ham ezgu niyatlar bilan manzarali hamda mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri