Navoiy yodi-la yashaymiz mudom
Samarqand viloyati umumtaʼlim maktablarida ham gʻazal mulkining sultoni, oʻzbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, badiiy kechalar, ochiq darslar tashkil etilmoqda.
– Har yili fevral oyida maktablarimizda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludlariga bagʻishlangan badiiy kechalar, ochiq darslar oʻtkaziladi, — deydi Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi oʻzbek tili va adabiyoti fanlari metodisti Dilorom Abdurahmonova. – Ayni kunlarda “Navoiy yodi-la yashaymiz mudom” shiori ostida Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda. Bunda maktablarda oʻtkaziladigan tadbirlardan tashqari muzeylarda ham ochiq darslar tashkil etiladi.


Samarqand davlat universiteti ilmiy-amaliy muzey-laboratoriyasida oʻtkazilgan ana shunday ochiq darslardan birida Samarqand shahridagi 9-umumtaʼlim maktabining 6-“V” va 9-“A” sinflari oʻquvchilari ishtirok etdi. Maktabning oʻzbek tili va adabiyoti fanlari oʻqituvchilari Nilufar Ibrohimova hamda Munira Asadova oʻquvchilarga puxta bilim berish, ularning Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqidagi bilimini mustahkamlash maqsadida muzeyda ochiq dars tashkil etdi.


– Oʻquvchilarning fanga qiziqishini oshirishda noodatiy darslar muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Nilufar Ibrohimova. – Shu bois, har bir darsga alohida tayyorgarlik koʻramiz. Oʻquvchilar ham darsda faol boʻlishga harakat qilishadi. Bugungi dars ham oʻylaganimizdan samaraliroq boʻldi. Oʻquvchilar buyuk bobokalonimizning hayoti, ijodi haqidagi bilimlarini mustahkamlab, muzeyda saqlanayotgan Alisher Navoiyga oid eksponatlar bilan tanishdi, qoʻshimcha maʼlumotlar oldi.
Ochiq dars davomida oʻquvchilar Alisher Navoiy gʻazallari, ruboiylaridan oʻqib, uning asarlari asosida sahna koʻrinishlari namoyish etdi.