Navoiy xalqaro aeroportining zamonaviy xalqaro logistika markazi sifatidagi salohiyati oshmoqda
Navoiy xalqaro aeroportida O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan “Porto-Frano” erkin bojxona hududining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-fevraldagi “Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida aeroportning faoliyati samaradorligini oshirish, uning transport-logistika salohiyatidan yanada keng foydalanish hamda xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Yangi hudud orqali tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish va saqlash, ularni qayta ishlash, import, eksport va tranzit operatsiyalarini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratiladi. Bu esa yuklarning aeroportda ortiqcha vaqt va xarajatlarsiz rasmiylashtirilishi hamda keyingi manzilga tezkor yo‘naltirilishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, aeroportda xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ACU — Air Conditioning Unit maxsus qurilmasi foydalanishga topshirildi.

Mazkur uskuna havo kemasi yerda turgan vaqtda uning saloniga sovitilgan yoki isitilgan havo yetkazib beradi. Bu yo‘lovchilar va ekipaj uchun qulay sharoit yaratish bilan birga, havo kemalariga yer usti xizmatlarini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri