Navoiy viloyatidan topildi
Farzandlarning moddiy ta’minotini ta’minlash — ota-onalarning qonun bilan belgilangan majburiyati hisoblanadi. Biroq ayrim holatlarda bu vazifadan bo‘yin tovlash holatlari ham uchramoqda.
Sayxunobod tuman Majburiy ijro byurosi tomonidan sud qarorlarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan tadbirlar chog‘ida Sirdaryo viloyati fuqarosi M. Fozilovning farzandi foydasiga belgilangan aliment to‘lovini amalga oshirmayotgani va yashirinib yurgani aniqlandi. Shu sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Ko‘rilgan choralar natijasida qarzdor ota Navoiy viloyatining Xatirchi tumani hududidan topilib, davlat ijrochisiga topshirildi. Sud qaroridan bo‘yin tovlagani va aliment to‘lovini uzoq muddat to‘lamagani uchun u ma’muriy javobgarlikka tortilib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.
Majburiy ijro byurosi mas’ullari ta’kidlashicha, aliment to‘lovlarini kechiktirish yoki umuman to‘lamaslik nafaqat farzand manfaatlariga, balki ota-onalarning huquqiy javobgarligiga ham ta’sir qiladi. Shu bois, byuro tomonidan aholi o‘rtasida aliment to‘lash madaniyatini oshirish, qonun talablariga rioya etish va ijro intizomini mustahkamlashga qaratilgan tushuntirish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri