Navoiy viloyatida “yashil” texnikum tashkil etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-sentabrdagi “Navoiy viloyati “yashil” texnikumi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Navoiy viloyatida “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi maqsadlari bilan hamohang bo‘lib, ekologik ta’limni rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalar bilan ta’minlash hamda “yashil” iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan.
- Bugun mehnat bozorida zamonaviy texnologiyalarni tushunadigan, innovatsion yondashuvga ega, ekologik mas’uliyatni his qiladigan malakali mutaxassislarga ehtiyoj sezilmoqda. “Yashil” texnikumning tashkil etilishi esa ana shu ehtiyojdan kelib chiqadi, - deydi texnikum direktori Nurali Boltayev. - Texnikumda “yashil” iqtisodiyot uchun zamonaviy va malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yerda yoshlarga energiyadan samarali foydalanish, tabiiy resurslarni asrash va ulardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish, ekologik xavfsizlik, zamonaviy “yashil” texnologiyalar, ekologik madaniyat va mas’uliyat bo‘yicha nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalar ham beriladi.
“Yashil” texnologiyalarni joriy etgan korxona va tashkilotlar bilan dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, o‘quvchilarning bir vaqtning o‘zida ta’lim olishi va ishlab chiqarish jarayonida amaliy tajriba orttirishi uchun imkoniyat yaratiladi. Korxonalarning buyurtmalari asosida kadrlar tayyorlash, ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va mutaxassislarning stajirovkasini yo‘lga qo‘yish orqali ta’lim muassasasi, o‘quvchi va ish beruvchi o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi.
“Yashil” texnikumda nufuzli xorijiy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilgan. Shuningdek, 2027/2028 o‘quv yilidan xalqaro ta’lim dasturini joriy etish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Bu esa yoshlarni xalqaro talablar asosida tayyorlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish va mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ta’lim jarayoniga sohada faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va xorijiy ekspertlar jalb etiladi.
Texnikumga umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. 2026/2027 o‘quv yili uchun texnikumga qabul muddati 2026-yilning 1-oktabriga qadar uzaytirilgan. “Yashil” texnikum Navoiy viloyati, Karmana tumani, “Do‘rmon” MFYda joylashgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti - Green University binosida faoliyat olib boradi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri