Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Karmana tumani “Beshkent” MFY binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Sud majlisida Probatsiya guruhi hisobida jazo muddatini o‘tayotgan 23 nafar mahkumga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Shundan 21 nafari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi, jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan 2 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazosi yengilroq turdagi jazo bilan almashtirildi.

Joriy yil davomida Karmana tumani IIB Probatsiya guruhi tomonidan 26 marotaba sayyor sud majlisi tashkil etilib, 258 nafar shaxs muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan, 62 nafar mahkumning jazosi yengilroq jazo turiga almashtirilgan.
Shuningdek, “Kibermadaniyatni yuksaltirish” oyligi doirasida probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularni kiberjinoyatlardan ogoh bo‘lish va internetdan xavfsiz foydalanish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
***
Navoiy shahridagi Tinchlik mahallasida joylashgan “INSTROYTORG NG” MCHJ tomonidan qog‘oz quti ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihasi yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Unda Davlat ekologik ekspertizasi markazi Navoiy viloyat filiali ekspertlari, loyiha tashkiloti vakillari hamda yaqin hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirok etdi.
Tadbirda loyiha hujjatlari ko‘rib chiqilib, korxona faoliyatining atrof-muhitga ehtimoliy ta’siri muhokama qilindi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlari va qo‘llaniladigan texnologiyalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Muhokamalar yakunida korxona mas’ullariga ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish, ekologik xavfsizlik choralarini kuchaytirish hamda davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talab va shartlarga qat’iy rioya etish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
***
Karmana tumanida 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan qizg‘in ish jarayonlari davom etmoqda.
Jumladan, “Katta Machit” va “Ko‘hna Qo‘rg‘on” yo‘nalishidagi yer usti D-102 mm bo‘lgan gaz quvuri o‘rniga yangidan tortilgan 1 kilometr D-159 mm bo‘lgan yuqori bosimli gaz quvurini ishga tushirish jarayoni davom etmoqda. Shuningdek, Katta machit mahallasi hududida RDUK-100 rusumli yuqori bosimli gaz taqsimlash qurilmasi o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha yakunlangach, Ko‘hna Qo‘rg‘on, Talqoq, Katta machit va Mir Said Bahrom mahallalaridagi jami 3 500 ta aholi xonadonida tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilanishiga erishiladi.
A. Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri