Navoiy ijodi bolalar nigohida
Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida alohida o‘ringa ega.
Bugun yurtimizning har bir go‘shasida shoir tavalludining 580 yilligi keng nishonlanmoqda. U she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligini, jozibasi va latofatini yuksak darajada ta’riflab bergan.
bugungi kunda uning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, o‘lmas asarlarini ulg‘ayib kelayotgan kelajak avlodlarimiz ongiga singdirish, bolalarimizni mumtoz adabiyotga mehr bilan tarbiyalashga oid qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Yakkasaroy tumani Maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 116-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ham adib xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi shundaki, 4 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar mutafakkir ijodini, g‘azallarini yod olib, uning hayot yo‘li va faoliyatiga doir sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi. Jajji bolakaylarning mumtoz adabiyotga bo‘lgan qiziqishlari tahsinga loyiqdir.

Alisher Navoiyning sermazmun hayoti, shaxsiy fazilatlari, iqtidor va kamoloti yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, yuksak axloqiy fazilatlarini tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir.
M. Qudratullayeva, O‘zA