Navbatdagi bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi (+video)
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida navbatdagi boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursi yakunlanishi munosabati bilan 411 nafar tinglovchilarning bitiruv tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘quv kursida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar institut professor-o‘qituvchilari va sohaviy xizmatlarning tajribali amaliyot xodimlari tomonidan zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarini qo‘llagan holda interfaol usullarda davra suhbati, bahs-munozara, seminar-trening, amaliy mashg‘ulot shakllarida olib borildi.
Mashg‘ulotlarda tinglovchilarning kasbiy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar-jismoniy, ruhiy, tibbiy tayyorgarligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolar bilan muloqotlarda yuzaga keladigan nostandart vaziyatlar, muammoli holatlar yuzasidan Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan videolavhalar orqali mavzularga doir huquqiy yechim va tavsiyalar ko‘rsatildi. Shuningdek, dam olish kunlari “Islom sivilizatsiya markazi”, “Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi”, “Shahidlar xiyoboni”, “G‘alaba” va “Yangi O‘zbekiston” bog‘lariga ekskursiyalar tashkil etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tinglovchilar mashg‘ulotlardan so‘ng hududlarni obodonlashtirish, yangi bog‘ barpo qilish ishlarida ham faol ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, sohani bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, yuksak insoniy va yetuk salohiyatga ega yosh kadrlar bilan to‘ldirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini e’tirof etdilar.
Tantanali tadbir davomida bitiruvchilarga kelgusidagi xizmat faoliyatida yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik va fidoyilik bilan xizmat qilish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, ular egallagan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda samarali qo‘llashlari lozimligi qayd etildi.
Tantanali tadbirda o‘quv dasturlar talablarini to‘liq o‘zlashtirgan yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
O‘quv kursi davomida o‘zining kasbiy bilimlarini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan hamda namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq va tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Shuningdek, mazkur tadbir munosabati bilan institutda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilib, u keng jamoatchilik uchun katta qiziqish uyg‘otdi. Unda Bektemir tumanidagi 290, 291 va 293-sonli umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday tadbirlar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladilar.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/qH0-gEa1Tko" title="Navbatdagi bitiruv tadbiri bo`lib o`tdi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA