Navbahorda banan yetishtirilmoqda
Navoiy viloyati Navbahor tumani “Navkar” mahallasining drayver yo‘nalishi xizmat ko‘rsatish, chorvachilik va asalarichilik hisoblanadi. Mahallada 1033 oilada 3013 nafar aholi istiqomat qilib kelmoqda.
Farhod Ochilov mazkur mahallada “serqirra tadbirkor” nomi bilan mashhur. To‘rt faslda ham tinim bilmaydigan tadbirkor kichik tomorqasida banan ko‘chatlarini yetishtirmoqda.
Dastavval ikki sotixdan iborat tomorqasiga Xitoy, Hindiston davlatlaridan keltirilgan sitrus mevalarning ko‘chat, urug‘larini ekib, parvarishladi. Ayni paytda birgina bananning 4-5 xil navi hosil bermoqda. Banan ko‘chatlarini yerga qadagandan so‘ng 14-15 oydan keyin sekin-asta mevalari yetila boshlaydi. Bahor, yoz oylarida havo haroratining issiq ekanligini inobatga olib, hosil mo‘l va barakali bo‘ladi. Bitta banan daraxti 23-24 kilogacha, donaga hisoblasa 300-350 tagacha meva berishi mumkin. Mahsulotning xaridorligi hisobga olinsa, uning savdosidan kelayotgan daromad ham maqtagulik darajada.

– Daraxtlarning tabiat va inson hayotida qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz, – deydi Farhod Ochilov. – Xususan, yashil olam hudud atmosferasini 2-8 darajaga salqinroq qiladi. Bitta daraxt tuproqda yiliga 15 ming litrgacha suvni saqlaydi. Shu sababdan kelgusida yer olib, daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirish niyatidaman. Bugun tadbirkorlik faoliyatimga qiziquvchilar soni ortayotganidan xursandman. Xorazm, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlaridan banan yetishtirishga qiziqadigan tadbirkorlar kelib, uning sir-asrorlarini o‘rganib ketmoqda.

Xalqimizda “Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik”, degan ibratli naql bor. Darhaqiqat, halol rizq bilan peshona teri evaziga topilgan nonning shirinligi rost. Farhod Ochilov turmush o‘rtog‘i bilan 3 nafar farzandi kelajagi yo‘lida tinim bilmaydi. Xonadoniga kirishingiz bilan ko‘zingiz quvnab, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Yo‘laklar uzra ekilgan turli xildagi rangli gullar, arab anoridan tortib, son-sanoqsiz uzumlar, papaya, mandarin, tuvaklarda yam-yashil bo‘lib rivoj topayotgan pakana banan xillari qalbingizga huzur bag‘ishlaydi.
Ayni paytda Farhod Ochilov oilasi bilan ikkinchi issiqxonani tashkil etish taraddudida mehnat qilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA