«Navbahor» yirik hisobda g‘alaba qozondi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 6-tur bahslari davom etmoqda.
Mazkur turda «Navbahor» o‘z maydonida «Lokomotiv»ga qarshi o‘yin o‘tkazdi.
«Markaziy» stadionida o‘tgan uchrashuvda Jamshid Boltaboyev, Odiljon Hamrobekov, Yovan Jokich hamda Siyavash Haqnazari kiritgan gollar evaziga «Navbahor» 4:0 hisobida zafar quchdi va ochkolar sonini 9 taga yetkazib oldi.

Toshkentda o‘tgan «Bunyodkor» hamda «Surxon» klublari bahsi 0:2 hisobida yakunlandi. O‘yinda mehmonlar tarkibida maydonga tushgan Muhammadali Abdurahmonov dubl qayd etdi.
Shu tariqa, «Surxon» jamoasi g‘alabani tantana qildi va ochkolari sonini 7 taga yetkazib oldi.
Bugun, 6-may kuni Superliganing oltinchi turi doirasida «Qizilqum» – «Neftchi» jamoalari uchrashuviga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA