“Navbahor” uy uchrashuvlarini o‘z stadionida o‘tkazadi
Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbari Shavkat Abdurazzoqovning tashabbusi bilan 20 ming sig‘imdan ziyod “Markaziy” stadionda keng qamrovli ta’mirlash ishlari olib borildi. Stadion chimi to‘liq yangilandi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasining xulosasiga asosan Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadioni mamlakat Superligasi talablariga mos, deb topildi. Endilikda “Navbahor” uy uchrashuvlarini o‘ziga biriktirilgan o‘yingohda o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu boisdan Timur Kapadze boshchiligidagi “Lochinlar” uy superliga va kubok doirasidagi o‘yinlarni Toshkent shahridagi “Olimpiya” stadionida o‘tkazib kelayotgandi. Mavsum startidan buyon “Navbahor”chilar Superliganing beshta uchrashuvni aynan poytaxtdagi stadionda o‘tkazib, ikki g‘alaba, bir durang va ikki mag‘lubiyatni qayd etib, umumiy hisobda yetti ochko jamg‘ardi. Mazkur stadiondagi hisob bo‘yicha oltinchi, ya’ni Superliga 13-turi doirasidagi o‘yinni 23-iyul kuni Navoiy viloyatining “Qizilqum” klubiga qarshi o‘tishi rejalashtirilgan.

O‘zPFL mutaxassislari bundan ikki hafta avval Namanganda bo‘lib, stadionda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha ishlarni belgilab bergan edi. Kuni kecha, “Markaziy” o‘yingoh qayta monitoringdan o‘tkazilib, u rasmiy uchrashuvlarni qabul qilish uchun tayyor, deb topildi. Shundan kelib chiqib, 2-avgustga rejalashtirilgan “Navbahor” – “Xorazm” uchrashuvi bilan namanganlik futbolchilar o‘z stadioniga qaytadi.
Ayni kunlarda “Markaziy” stadionda kabellashtirish ishlari davom etmoqda. Tez orada Namangandagi o‘yingoh bu borada vodiy viloyatlari orasida Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionidan keyin kabellashtirilgan ikkinchi sport majmuasiga aylanishi kutilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.