“Navbahor” klubi mavsumni qanday o‘tkazdi?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining bu yilgi mavsumida yorqin o‘yin namoyish etgan “Navbahor” klubining yakunlangan mavsumda qayd etgan ayrim natijalari diqqatga sazovor.
“Lochinlar” 26 ta o‘yinda 11 ta g‘alaba, 10 ta durang va 5 ta mag‘lubiyatni qayd etgan holda jami 43 ochko to‘plab, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Jamoa jami o‘yinlarda raqiblar darvozasiga 42 ta gol urdi. Ushbu gollarga esa 14 nafar futbolchi mualliflik qildi, 10 nafari esa hammuallifga aylandi. Gollardan 8 tasi penaltidan, ayrimlari esa jarima zarbalari, shuningdek, raqib futbolchilari yoki darvozabonlari, ba’zi hollarda esa darvoza ustuni yoki to‘sinidan qaytgan to‘plardan so‘ng, urilganini ham ta’kidlash joiz.
Jamoa tarkibida Toma Tabatadze 10 ta gol urgan holda eng yaxshi natijani qayd etgan bo‘lsa, Jamshid Iskanderov 7 ta gol bilan ikkinchi, Siyavash Haqnazari esa 5 ta gol bilan uchinchi bo‘ldi. Shuningdek, Yovan Jokich 4 ta, Jamshid Boltaboyev 3 ta, Saidazamat Mirsaidov, Azimjon Ahmedov, Giorgi Nikabadze, Filip Ivanovich 2 ta, Farrux Sayfiyev, Abrorbek Ismoilov, Odiljon Hamrobekov, Komiljon Tojiddinov va Ruslanbek Jiyanov 1 tadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

“Navbahor” klubining joriy yilgi mavsumdagi muvaffaqiyatlariga albatta, jamoa rahbariyati, murabbiylar shtabi va futbolchilarning ulkan mehnatlari borligi sir emas. Shuningdek, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishda muhim o‘rin tutdi.
Klub matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, “lochinlar”ning bu yilgi mavsumdagi uchrashuvlariga jami 159 ming 443 nafar muxlis stadiondan tomosha qilgan.
“Navbahor”ning o‘z maydonidagi 13 ta uchrashuviga jami 101 ming 853 nafar, safardagi 13 ta o‘yiniga esa jami 57 ming 590 nafar tomoshabin tashrif buyurdi. Bitta o‘yinda eng ko‘p muxlis to‘plash bo‘yicha mavsum rekordi ham aynan ushbu jamoaga tegishli bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Superliganing 8-turidan o‘rin olgan Namangandagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tgan “Navbahor” – “Neftchi” (1:0) jamoalari o‘rtasidagi “vodiy derbisi”iga jami 22 ming 350 nafar tomoshabin tashrif buyurgan edi.

Shuningdek, mamlakat chempionatining yakunlariga ko‘ra, “Navbahor”ning o‘tkazgan 26 ta bahsidan 14 tasida, jamoa futbolchilari “Sport” telekanali ijodkorlari tomonidan eng yaxshi futbolchi, deya e’tirof etildi. Ortda qolgan mavsumda “Navbahor”ning 10 nafar futbolchisi uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topildi. Ular orasida “Superliga – 2024” bahslarida 7 ta gol urib, 4 ta golga assistentlik qilgan 31 yoshli tajribali yarim himoyachi Jamshid Iskanderov 4 marta shunday e’tirofga loyiq deb topildi. Serbiyalik yarim himoyachi Yovan Jokich esa 2 marta eng yaxshilar qatoridan joy oldi. Filip Ivanovich, Azimjon Ahmedov, Odiljon Hamrobekov, Toma Tabatadze, Saidazamat Mirsaidov, Siyavash Haqnazari, Ruslanbek Jiyanov va Jamshid Boltaboyev kabi futbolchilar bir martadan eng yaxshilar qatorida sanaldi.
Superliganing yakunlangan mavsumida klubning 17 nafar futbolchisi hakamlar tomonidan sariq va qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi.
“Superliga – 2024” musobaqasida hakamlar tomonidan 4 ta o‘yinda “Navbahor” darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgilandi. Shuningdek, hakamlar tomonidan “Navbahor” foydasiga 9 ta penalti belgilandi hamda ulardan 5 tasini gruziyalik hujumchi Toma Tabatadze, 3 tasini Jamshid Iskanderov aniq amalga oshirdi. Yana bitta 11 metrli jarima zarbasidan esa T.Tabatadze foydalana olmadi.
Shuningdek, “Navbahor” darvozasiga 9 ta o‘yinda raqiblar to‘p kirita olmagan. Mavsum davomida “lochinlar” 3 marta mag‘lubiyatsiz seriyani qayd etdi. Shu tariqa, “Navbahor” futbol klubi yuqori natijalar bilan yilni yakunladi va kelgusi yil uchun hozirlikni boshladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA