“Navbahor” g‘alabaga erishdi
Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadionda Osiyo Chempionlar ligasining “D” guruhi 2-turi doirasida “Navbahor” va Hindistonning “Mumbay Siti” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlarini g‘oyat mamnun etdi. O‘z tarixida ilk bor muxlislari qarshisida o‘tkazgan “Lochinlar” yirik – 3:0 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Raqibga nisbatan imkoniyatlari yuqori baholangan Samvel Babayan shogirdlari o‘yin boshidayoq qator xavfli vaziyatlarni vujudga keltirishdi. Xususan, Jamshid Iskanderov va Oston O‘runovning zarbalari muxlislarni hayajonga soldi. Hindistonlik futbolchilar ham mezbonlardan qolishmaslikka harakat qildi. Oldinga intilgan “Mumbay siti” a’zolari namanganliklarning xato qilishini kutdi. Uchrashuvning 41-daqiqasida hujumni qaytarish chog‘ida to‘p Ibrohim Yo‘ldoshevning qo‘liga tegdi. Natijada “Lochinlar” jamoasi darvozasiga 11 metrli jarima to‘pi belgilandi. Greg Styuartning amalga oshirgan zarbani O‘zbekiston terma jamoasi posboni O‘tkir Yusupov qaytarishga erishdi.
Birinchi bo‘limdagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqargan “Navbahor” ikkinchi bo‘limda tamomila boshqacha o‘yin ko‘rsatdi. 52-daqiqada Jasurbek Yaxshiboyevning o‘ng qanotdan bergan uzatmasini qabul qilgan Jamshid Iskanderov 25 metrlardan kuchli zarba yo‘llab, hisobni ochdi.
Ushbu goldan ruhlangan “Lochinlar” 58-daqiqada Oston O‘runovning chap qanotdan mumbayliklar jarima maydonchasi ichiga yetkazib bergan to‘pini Jasurbek Yaxshiboyev darvozaga kiritdi. Tezkorlik bilan urilgan ketma-ket gollar namanganlik futbolchilarga qo‘shimcha kuch va shijoat bag‘ishladi. Uchrashuv tugashiga uch daqiqa qolganda hisob yana o‘zgardi.
\Zaxiradan maydonga tushgan Doniyor Abdumannopov Temurxo‘ja Abduxoliqovning aniq to‘p uzatmasi tufayli mehmonlar posboni Hurpa Lachenpa bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqdi hamda ajoyib tarzda raqib darvozasini ishg‘ol etdi.
– Nufuzli musobaqada ilk marta g‘alaba qozonib, barchaga bayram ulasha oldik. Albatta, yurtimizda futbolga qaratilayotgan yuksak e’tibor, xususan, Namangan viloyati hokimining amaliy ko‘magida biz katta darajaga chiqdik, – dedi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan. – Muxlislar ushbu bahsdan oldin raqibimizni barcha chiziqlarda bir xil saviyali futbolchilarga ega jamoa deyishgandi. Yirik hisobda yutgan bo‘lsak-da, buning uchun katta mehnat, katta kuch sarfladik va taktik tomonlama to‘g‘ri o‘ynadik. Hujumlarni yakunlashda shogirdlarim katta kuch ko‘rsatdi.
“Navbahor” oldinga intilishda davom etadi.
[gallery-13866]
Darvoqe, “D” guruhidagi asosiy favorit – musobaqaning amaldagi g‘olibi “Al Hilol” jamoasi Eronga safar uyushtirib, “Nassaji Mozandaron” klubi darvozasiga javobsiz uchta gol urishga erishdi. Shu tariqa, Ar-Riyod va Namangan jamoalari guruhda 4 ochko to‘plagan holda peshqadamlik qilmoqda.
Osiyo Chempionlar ligasining navbatdagi uchinchi turini “Navbahor” 23 oktyabr kuni o‘z maydonida “Nassaji Mozandaron” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),
O‘zA muxbirlari