NATO Qora dengizda harakatlarini faollashtirmoqda
Shimoliy Atlantika alyansi sheriklari Gruziya va Ukraina bilan hamkorlikda Qora dengiz hududida harakatlarini faollashtiradi va ushbu yo‘nalishda ishlarni kelgusida ham davom ettiradi, dedi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda uyushtirilgan matbuot anjumanida.
"NATO Qora dengizda bo‘lib turishini kelgusida ham kuchaytiradi. Uchta sohil bo‘yi mamlakatlar — Turkiya, Ruminiya, Bolgariya NATO a’zolaridir, Ukraina bilan Gruziya esa Shimoliy alyansning yaqin hamkori hisoblanadi. Biz yerda, suvda va havoda harakatlarimizni, shuningdek Gruziya va Ukraina bilan hamkorlikni ham kuchaytirdik. Biz bunday hamkorliklarni siyosiy va amaliy qo‘llab-quvvatlashlar bilan yanada kengaytirish ustida ish olib bormoqdamiz", — dedi u.
Bosh kotibning ta’kidlashicha, NATO mintaqada harbiy guruhlari va sheriklar bilan hamkorlikni faollashtirgan holda ko‘proq harbiy-o‘quv mashqlarini o‘tkazishga e’tibor qaratadi.
Bundan avvalroq Stoltenberg bir necha bor Qora dengiz xavfsizligi NATOning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidlagan edi. Mazkur mintaqada Rossiyaning kuchayishi ittifoqchilarni xavotirga solmoqda, shu bois alyans dengizda o‘zining harakatlarini mustahkamlaydi, degandi u.
O‘z navbatida, Rossiya so‘nggi yillarda NATOning o‘z chegaralari yaqinda faollashayotganidan xavotirini yashirmayapti.
Yaqinda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya hech kimga tahdid qilmasligini, lekin manfaatlariga xavf tug‘diradigan harakatlarni javobsiz qoldirmasligini aytgan edi.